Qashqadaryoda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻiniga start berildi

0
1095

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi bilan hamkorlikda 100 nafar uyushmagan yoshlarni jalb etgan holda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yigʻiniga start berildi.

Dastlab, Qarshi shahridagi Yoshlar markazi binosida viloyatning barcha tumanlaridan jam boʻlgan ishtirokchilarga yigʻin maqsadi va rejasi yetkazilgach, Muborak tumanidagi harbiy qism tomon yoʻl olindi. Harbiy qism hududiga yuqori tayyorgarlik va koʻtarinki kayfiyatda kutib olingan mehmonlarga harbiy liboslar tarqatildi.

Malakali harbiy shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan ishtirokchilar yigʻinning tantanali ochilish marosimi uchun saf tortdi. Soʻz olganlar bugun yoshlarni taʼlim olib hunar egallashlari uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyat eshiklari ochilganini alohida taʼkidladilar.

Kun tartibiga koʻra yigʻin rejasi asosida turli nazariy va amaliy dars mashgʻulotlari oʻtkazilishi belgilangan. Har daqiqani mazmunli oʻtkazishni nazarda tutuvchi darslar jadvalidan kompyuter texnologiyalari, biznesni oʻrganish va rivojlantirish, chilangarlik, durodgorlik kabi hunarlar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, kitobxonlik singari sermazmun mashgʻulotlar oʻrin olgan.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati