Nukus garnizonida sayyor qabul va mehnat yarmarkasi oʻtkazildi

0
1196

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining mudofaa ishlari boshqarmasi va uning tuman hamda shahar boʻlimlarining hisobida turgan 2024-yilda muddatli harbiy xizmatni oʻtab, Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilgan yoshlar hamda huquqni muhofaza etuvchi organlar va kuch tuzilmalari tomonidan otaliqqa olingan yoshlar, shuningdek, harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining bandligini taʼminlash maqsadida boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi va sayyor qabul oʻtkazildi.

Sayyor qabul doirasida Nukus harbiy prokuraturasi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar hamda Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari ishtirokchilarning murojaatlarini tinglashdi.

Uchrashuv doirasida oʻtkazilgan boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasida 7 ta tumandan 430 dan ziyod korxona va tashkilotlar oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻalikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, tadbirkorlar tomonidan yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, bandligi boʻyicha yakka tartibda suhbat oʻtkazishdi. Mudom doimiy ish joyi bilan band boʻlishi uchun taklif va tavsiyalarini berishdi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad muddatli harbiy xizmatdan qaytgan va otaliqqa olingan yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularga qiziqishi boʻyicha oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlishi uchun yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, muammolarini oʻrganish va ular boʻyicha ijobiy yechimlarga kelishishdan iborat.

Tadbir yakunida yoshlar uchun Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat tashkil etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati