OCHIQ SUV HAVZALARIDA CHO‘MILISH HAYOTINGIZ UCHUN XAVFLIDIR

0
975

Har bir faslning o‘ziga yarasha jozibasi bo‘lgani singari yozning issiq tafti ham insonlarni soya-salqinlik sari chorlaydi. Bunda zamonaviy sovutkich o‘rnatilgan xonada dam olishga, muzdek salqin ichimlik ichishga yoki bo‘lmasa, huzurbaxsh suvda maza qilib cho‘milishga nima yetsin.

Biroq cho‘milishning huzurbaxshligi bilan bir qatorda, har yili dunyo bo‘ylab 300 ming nafarga yaqin inson mana shu huzur istagida belgilanmagan joylarda cho‘milishlari oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumayotganligi yoki bo‘lmasa, har yili kemalar halokatga uchrashi oqibatida ko‘plab insonlarning hayotdan bevaqt ko‘z yumishi kishini o‘yga toldiradi.

Bunday vaqtlarda har bir inson “suvda cho‘kish men va mening yaqinlarim bilan sodir bo‘lmaydi” degan befarqlik va beparvolik chulg‘agan fikrdan biroz chekinib, o‘zi, oila a’zolari va yaqin kishilarini ehtiyot bo‘lishga chaqirishi va ogohlantirib turishi uning kundalik vazifasi emasmikan, deb o‘ylaysan kishi. Zero, har bir fuqaro uchun farzandlari, yaqin kishilari azizdir.

Yoshlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan suvdagi halokatlarning aksariyati ularning nazoratsiz qoldirilishi va o‘zboshimchaliklari oqibatida sodir bo‘lmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, suvda cho‘kib halok bo‘lgan yoshlarning 95 foizi ota-onalar tomonidan nazoratsiz qoldirilganligi hamda o‘zboshimchalik bilan belgilanmagan va taqiqlangan joylarda cho‘milishi oqibatida sodir bo‘lgan. Asosan katta yoshdagi fuqarolarning suvda cho‘kishlariga ularning spirtli ichimliklar iste’mol qilib, mast holda cho‘milish uchun suvga tushishlari sabab bo‘lmoqda.

Shu bois suv havzalaridagi baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida quyidagi oddiy qoidalarga amal qiling:

  • hech qachon belgilanmagan joylarda (daryo, soy, ko‘l, suv ombori, kanal va ariq) cho‘milmang;
  • “Cho‘milish taqiqlanadi” deb yozilgan maxsus belgilarga qat’iy amal qiling;
  • yozgi ta’til davrida bolalarning belgilanmagan joylarda cho‘milishga borishlariga yo‘l qo‘ymang;
  • yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmang;
  • spirtli ichimliklar iste’mol qilib, cho‘milishga bormang;
  • faqatgina ruxsat etilgan maxsus suv havzalarida cho‘miling.