Samarqandda keng qamrovli yoshlar festivaliga start berildi

0
1202

Samarqand viloyati bo‘ylab Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Beshta muhim tashabbus” asosida keng qamrovli yoshlar festivaliga start berildi.

Viloyat bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu festival Ishtixon hamda Narpay tumanlarida boshlandi va ishtirokchilar erta tongdan harbiy orkestr sadolari bilan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafoni hamda tonggi badantarbiya mashqlarini bajarishdi.

Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, Markaziy harbiy okrugning Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy xizmatchilar, tuman mudofaa ishlar bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi, keng jamoatchilik hamda tumandagi aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Hududlardagi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shu bilan birga, yurtimiz ravnaqi yo‘lida ularning daxldorlik hissini oshirishni maqsad qilgan festivallar davomida harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Kechki vaqtda harbiy orkestr jamoasi hamda taniqli san’atkorlar ijrosida taralgan kuy-qoʻshiqlar, harbiylar va yoshlar tomonidan namoyish etilgan turli sahna koʻrinishlari esa barchaga birdek manzur boʻlib, yurtdoshlarimiz qalblarida milliy armiyamiz bilan faxrlanish va g‘ururlanish hissini yanada oshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati