Aloqa harbiy instituti kursantlari yakuniy davlat attestatsiyadan oʻtmoqda

0
1795

Milliy armiyamiz salohiyati va nufuzini oshirish, harbiy ta’lim darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish oliy harbiy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri sanaladi.

Bo‘lajak ofitserlar uchun “gʻalvir suvdan koʻtariladigan palla” boshlandi. Chunki yakuniy davlat attestatsiyasi bitiruvchi kursantlari ta’lim maskanida o‘zlarining qay darajada bilim va malakaga ega boʻlganini sinovdan oʻtkazadi.

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida 5-bosqich kursantlarining yakuniy davlat attestatsiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda boʻlajak ofitserlar oʻzlarining mutaxassisliklari hamda gumanitar fanlar, taktik-maxsus tayyorgarlik, xorijiy tillar va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha o‘quv yili davomida olgan nazariy hamda amaliy bilimlarini sinovdan oʻtkazgan holda ustozlaridan olgan saboqlarini oqlashga harakat qilyapti.

Kursantlarga yakuniy davlat attestatsiyasiga tayyorgarlik koʻrishlari uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilib, professor va malakali oʻqituvchi ofitserlar tomonidan qoʻshimcha konsultatsiyalar oʻtilgan.

Davlat attestatsiyasi komissiyasi a’zolari ishtirokida kursantlarning bilim darajasi zamonaviy davlat taʼlim standartlari talablariga qanchalik muvofiqligi shaffof va xolisona baholanmoqda.

Yakuniy sinovlardan o‘tgan kursantlarga “leytenant” harbiy unvoni, bundan tashqari, a’lo baholarga tamomlagan kursantlarga III darajali Namunali xizmatlari uchun ko‘krak nishoni beriladi

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti