Xorazmda keng qamrovli yoshlar oʻquv-seminari boshlandi

0
849

Xorazmda otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash boʻyicha yagona yondashuvning namunasi sifatida “Xorazm tajribasi”ni oʻrganishga bagʻishlangan respublika oʻquv-seminlari ish boshladi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan yoshlarni huquq-tartibot va mudofaa organlari tomonidan otaliqqa olish hamda ular bilan manzilli ishlashni muvofiqlashtiruvchi hududiy shtablar aʼzolari ishtirok etmoqda.

Ikki kun davom etadigan oʻquv-seminar Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlari, shuningdek, Yangibozor tumanidagi belgilangan obyektlarda tashkil etiladi.

Tadbir mehmonlarning Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi hududi boʻylab sayohatidan boshlandi. Zamonaviy taʼlim-tarbiya, ilm-fan va kommunikatsiya texnologiyalaridan saboq berish, laboratoriya va ixtirochilik ishlari bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlgan litsey haqiqatan ham oldingi avlod yoshlari uchun orzu-havas qiladigan taʼlim maskani boʻlsa, bugungi yoshlar uchun jahon standartlariga mos eng soʻnggi sharoitlarda zamonaviy taʼlim olish imkonini yaratdi. Darvoqe, litsey har bir fan uchun alohida mavzulashtirilgan sinfxonalar, barcha sport turlari bilan shugʻullanish imkonini beruvchi yopiq va ochiq turdagi sport majmualari, yotoqxona, oshxona havas qilsa arzigulik, rivojlangan mamlakatlardagi taʼlim dargohlaridan hech narsasi bilan kam boʻlmagan muassasaga aylandi.

Oʻquv-seminarida Xorazm viloyatida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi va uning afzalliklari, bugun yosh avlod vakillariga berilayotgan imtiyozlar, qulaylik va eʼtibor haqida batafsil maʼlumotlar berilib, fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida shahardagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markazi hamda IT-parkda otaliqqa olingan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solish va bandligini taʼminlash yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasida yoshlarning bandligini taʼminlash uchun mavjud imkoniyatlar, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda yoshlar bilan “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini hamda boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun yaratilgan sharoitlar koʻrsatib berildi.

Mazkur oʻquv-seminaridan mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning joriy etilgan yangi tizimni hudud xususiyatidan kelib chiqib samarali yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini oʻrganish, oʻzaro tajriba almashish va mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yoʻnalishdagi kamchiliklarni bartaraf etish va bu yoʻnalishdagi islohotlarning natijadorligini oshirishdan iborat.

Oʻquv-seminarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Adliya vazirlikari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura organlari, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi, viloyat hokimligi va mutasaddi tashkilotlarning rahbar xodimlari, shuningdek 14 ta hududlarda otaliqqa biriktirilgan yoshlar bilan ishlashga masʼul boʻlgan xodimlar ishtirok etmoqda.

Seminarning ikkinchi kuni Xiva shahrida yoshlar va aholi bandligini taʼminlash, ularga keng qulayliklar yaratish uchun yaratilgan sharoitlar namoyish etiladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati