Ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashning milliy strategiyasi

0
577

Har yili 25-noyabr kuni dunyoning ko‘plab davlatlarida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan respublikamizda ham xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish o‘n kunligi tashkillashtirilib, turli hududlarida ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi bilan hamkorlikda Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan shunday tadbirlarning birida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika Harbiy prokuraturasi, inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz mutaxassislari ishtirok etdi.

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi  Ra’no Ismoilova o‘z maruzasida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha institut tomonidan mamlakatimizda milliy mentalitetimizga mos keluvchi me’yorlar asosida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida chiqish qildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz yetakchi mutaxassisi Dilbar Rashidova esa ushbu me’yorlarning xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan holda rivojlantirilayotganligiga to‘xtalib o‘tdi.

«Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish» mavzusida tashkillashtirilgan ilmiy-amaliy tadbirda Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat yuritayotgan barcha kuch tuzilmalaridan vakillar qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan kerakli javoblarni oldilar. Qiziqarli o‘tgan bahs-munozaralarda milliy strategiyamizdan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti