HARBIY XIZMATCHILARNING HUQUQ VA ERKINLIKLARINI TAʼMINLASH – DOIMIY NAZORATDA

0
1622

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasida “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida harbiy xizmatchilarning oʻz huquq va manfaatlari himoya qilish boʻyicha murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida”gi Mudofaa vazirligi rahbariyati axborotining eshituviga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda qoʻmita raisi Erkin Solihov, mudofaa vazirining oʻrinbosari Hamdam Qarshiyev, Oʻzbekiston Respublikasi harbiy prokurori oʻrinbosari Qahramon Isroilov, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova va qoʻmita aʼzolari ishtirok etdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatning nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilarning va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Majlisda Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan harbiy xizmatchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish holati boʻyicha batafsil maʼlumot berildi. Shu bilan birga, harbiy xizmatni oʻtash uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlarni, zamonaviy infratuzilmani yaratish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga munosib turmush sharoitini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Qoʻmita majlisida Harbiy prokuratura masʼullari hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili ham soʻzga chiqib, ularga harbiy xizmatchilardan kelib tushgan murojaatlarda koʻtarilgan masalalar va ularning yechimi borasida bajarilgan ishlar haqida axborot berdi.

Shu bilan birga, tadbirda davlatimiz rahbarining 2023-yildagi “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan bir qator vazifalar hamda ularning ijrosi holati ham muhokamalar markazida boʻldi.

Eshituvda berilgan axborot, bildirilgan fikr va mulohazalar yakuni boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilinib, unda tegishli vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan bir qancha takliflar belgilab olindi.

Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti