Harbiy xizmatchilarning farzandlariga tavsiyanomalar topshirildi

0
4589

Nukus garnizonida harbiy xizmatchilarning 31 nafar farzandiga imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov harbiy xizmatchilarning farzandlariga ushbu tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirdi.

Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi yoʻlida olib borilayotgan islohotlar doirasida farzandlariga respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanomalar berilishi Vatan himoyachilarining xonadonlariga cheksiz quvonch olib kirmoqda. Har yili yuzlab yurt himoyachilarining oʻgʻil-qizlari davlatimizning ana shunday gʻamxoʻrligi koʻmagi bilan oliy taʼlim muassasalariga kvota asosida oʻqishga kirish baxtiga muyassar boʻlmoqda.

Taʼkidlash joizki, tavsiyanomalar mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan, jangovar xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan haqiqiy xizmatni oʻtayotgan ofitserlarga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub boʻlgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga – ular farzandlarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun bevosita komandirlarning (boshliqlarning) tavsiyasi boʻyicha beriladi.

Bundan tashqari, harbiy xizmatni oʻtashda halok boʻlgan, shuningdek, harbiy xizmatni oʻtashda yarador boʻlgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron boʻlib qolgan yoki kasalliklarga duchor boʻlgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati