“Harbiy-vatanparvarlik oyligi”ni o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

0
926

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni nishonlanishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimining ham tegishli qarori qabul qilindi. Shu bilan birga, Davlatimiz rahbarining Toshkent shahar Shayxontohur tumaniga qilgan tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilishda Mudofaa vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga alohida vazifalar qo‘yilgan edi.

Maskur masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi, xususan, Toshkent harbiy okrugi va shahar hokimiyati vakillari, turli muassasa va tashkilot xodimlari ishtirokida “Harbiy-vatanparvarlik oyligi”ni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida harbiy-ma’muriy sektor faoliyatida amalga oshirilgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda “Harbiy-vatanparvarlik oyligi”ni o‘tkazish bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida tomonlar “Harbiy-vatanparvarlik oyligi”ni ko‘tarinki ruh va esda qolarli o‘tishi uchun barcha kuch va imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha aniq qarorlarni qabul qilishdi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti