Axborot texnologiyalar sohasidagi hamkorlik mustahkamlandi

0
1410

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti rahbariyati, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va axborotlarni himoyalash bosh boshqarmasi hamda Mudofaa sanoati kompleksi vakillari bilan birgalikda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga ishchi guruh tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif mobaynida universitetda taʼlim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi. Shundan soʻng, mavjud muammolar, ularga qoʻllanilayotgan yechimlar va istiqbolda amalga oshirilishi lozim chora-tadbirlar boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan sun’iy intellekt, dasturlash, uchuvchisiz uchish vositalari boʻyicha respublika miqiyosida harbiy oʻquv markazlarda turli xildagi olimpiadalar (musobaqalar) oʻtkazish, ushbu tadbirlarga barcha oliy taʼlim talabalarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida taʼlim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishni integratsiya qilish masalalarini nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti