O‘zbekistonlik kursantlar xalqaro olimpiada g‘olibiga aylandi

0
2653

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida MDHga a’zo davlatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Harbiy-kasbiy tayyorgarlik” yo‘nalishi bo‘yicha VIII xalqaro olimpiada yakunlandi.

Bir necha kun davomida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikalaridan 6 jamoa shiddatli bahslar olib bordi. Xususan, olimpiada ishtirokchilari “Tibbiy tayyorgarlik” “Oʻquvda qiyin – jangda oson”, “Kimyoviy himoya”, “Orientirlash”, “Xalqaro gumanitar huquq”, “Qurolsoz”, “Duel”, “Mergan”, “Armiya biatloni”, “Yoʻlak” kabi musobaqalarda oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:

  • I o‘rin — O‘zbekiston Respublikasi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasi;
  • II o‘rin — Xitoy Xalq Respublikasi Quruqlikdagi qo‘shinlar maxsus tayinlangan harbiy akademiyasi jamoasi;
  • III o‘rin — Rossiya Federatsiyasi Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik harbiy bilim yurti jamoasi.

Bugun, 24-may kuni olimpiadaning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda g‘olib va sovrindorlar e’lon qilinib, ularga medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Quvonarlisi shundaki, ushbu xalqaro musobaqaning o‘tgan yilgi bahslarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlari faxrli 1-oʻrinni egallagan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti