Moʻynoqlik yoshlar Nukus garnizonida harbiylar hayoti bilan tanishdi

0
1185

Oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini vatanparvarlik, shonli urf-odat va anʼanalarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularga harbiy kasb nufuzi va harbiy xizmat haqida kengroq tushunchalar berish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tomonidan yoshlarning harbiy qism va muassasalarga tashrifi, ular bilan turli uchrashuv va davra suhbatlari, festival va tanlovlar oʻtkazilmoqda.

Nukus garnizoniga hokimlik tomonidan taqdim etilgan avtobus bilan olis yoʻl bosib, Moʻynoqdan kelgan yoshlar bilan oʻtgan uchrashuv ana shunday tadbirlarning navbatdagisi bo‘ldi.

Mehmon boʻlib kelgan oʻgʻil-qizlar uchun birinchi manzil yurt himoyachilarining maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-huquqiy bilimlarini oshiradigan, ularga tafakkur eshigini ochib, ilm beradigan maskandan boshlandi. Badiiy, ilmiy adabiyot va elektron kitoblar bazasiga boy harbiy qismning kutubxonasi askarlar va yoshlar oʻrtasida suhbatlarga zamin yaratdi.

Taʼkidlash joizki, harbiy qism kutubxonasi nafaqat harbiy xizmatchilarga, balki ularning oila aʼzolariga ham xizmat koʻrsatib, kitobxonlikni targʻib etishga koʻmak berib kelmoqda.

Navbatdagi manzil muddatli harbiy xizmatchilarning yotoqxonasi boʻldi. U yerda tartib-intizomni taʼminlash va ozodalikni saqlash uchun qoʻyiladigan sutkalik naryad tarkibining vazifalari, yotoqxonada askarlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida yoshlarga batafsil maʼlumotlar berildi.

Qurol-aslaha, aloqa hamda boshqa harbiy uskunalarining koʻrgazmasi yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi. Demak qurollar bilan ilk tanishuv yoshlar xotirasida bir umr muhrlanib qolishi taʼminlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat moʻynoqlik yoshlar tomonidan oʻzgacha ruhda kutib olindi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati tarixi, Ikkinchi jahon urushi yillari qoʻshgan hissasi, harbiy okrugning oʻtgan va buguni haqida soʻzlovchi muzey oʻsib kelayotgan yosh avlodga anchagina maʼlumotlar bilan boʻlishdi.

Uchrashuv yakunida koʻplab yoshlarning harbiy xizmat haqida fikri oʻzgarib, kelajakda Vatan himoyasi yoʻlida xizmat qilish istagi borligi aniqlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati