“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi g‘oliblari taqdirlandi

0
2558

Markaziy harbiy okrugga qarashli “Sazagan” poligonida “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi g‘oliblari aniqlandi.

Unutilmas taassurotlarga boy boʻlgan musobaqaning taqdirlash marosimi barchaning yodida qoladigan boʻldi. Taqdirlash marosimi oʻtkazish va gʻolib jamoalarni ragʻbatlantirish marosimi boshlanar ekan, jamoalar koʻtarinki kayfiyatda maydon uzra saf tortdi.

Tantanali taqdirlash marosimida Mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev soʻzga chiqib, barchani yildan yilga yuksalib, ommalashib borayotgan ushbu musobaqa minglab yoshlarni vatanparvarlik ruhida birlashtirayotgani, shu bilan birga, ulardagi ertangi kunga boʻlgan yuksak ishonch tuygʻusini mustahkamlayotgani, bu esa bosh maqsadimiz ekanini aytib oʻtdi.

Demak, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichi gʻolib va sovrindorlari quyidagicha koʻrinishda yakun topdi:

  • Birinchi oʻrin – Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qanlikoʻl tumanining “Lochin” va Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining “Lochin” jamoasiga;
  • Ikkinchi oʻrin – Toshkent shahri Uchtepa tumanining “Temurbeklar” jamoasiga;
  • Uchinchi oʻrin – Qashqadaryo viloyati Muborak tumanining “Yosh lochinlar” jamoasiga nasib etdi.

Gʻolib va sovrindor jamoalarga Mudofaa vazirining kubogi, diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Shuningdek, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida quyidagi nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi:

  •  “Eng yaxshi mergan” – Namangan; “Eng kuchli sportchi” – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” – Jizzax; “Vatan tayanchi yulduzi” – Buxoro viloyati.

Bir soʻz bilan aytganda, bu musobaqada betinim saʼy-harakatlar, izlanishlar va eng muhimi, qalbida Vatanga boʻlgan joʻshqin muhabbati bor yoshlargina gʻalaba qozona oladi va bu tanlovning eng doimiy sharti boʻlib qoladi.

Kapitan Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti