Qurolli Kuchlar akademiyasida ochiq eshiklar kuni

0
697

Xabaringiz bor, respublika miqyosida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish maqsadida “Mening armiyam — mening faxrim!” shiori ostida yoshlar aksiyasiga start berildi.

Bugun, 26-noyabr kuni ana shunday maqsadda Qurolli Kuchlar akademiyasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil qilindi. Unda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 121—201-sonli umumta’lim maktablari hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kollejidan kelgan yuzga yaqin o‘quvchi yoshlar qamrab olindi.

“Men O‘zbekistonning yosh bunyodkoriman!” shiori osida birlashgan o‘g‘il-qizlar ustozlari va harbiy xizmatchi akalari hamrohligida akademiya bo‘ylab sayohat qilishdi.

Ekskursiya davomida o‘quvchi yoshlar akademiya faoliyati, kursantlarning yashashi va bilim olishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar hamda buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodi, harbiy yurishlari aks ettirilgan tematik sinflar bilan yaqindan tanishdi. Milliy armiyamizning kecha va bugunini o‘zida mujassam etgan akademiya muzeyi esa ertamiz egalarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari yoshlar jangovar texnikalar hamda o‘qotar qurollar trenajyor komplekslarida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarda o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Jarayonda mutaxassislar ham bevosita ishtirok etib, harbiy texnikalarni boshqarish hamda elektron tirda nishonlarga o‘q otish bo‘yicha maktab o‘quvchilariga ma’lumot va ko‘nikmalar berib o‘tdi.

Interaktiv voqealarga boy o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni” o‘quvchi yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti