Harbiy texnikalarning qishki mavsumda foydalanishga tayyorgarligi tekshirildi

0
2428

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda qoʻshinlardagi eng masʼuliyatli tadbirlardan biri boʻlmish qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga oʻtkazish ishlari qay tarzda olib borilgani tekshirildi.

Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarda qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimiga oʻtkazish ishlari yakunlangani munosabati bilan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug boshqaruv apparatidan tuzilgan ishchi guruh har bir texnikada ish reglamentida koʻrsatilgan tadbirlarning sifatli va samarali bajarilganini koʻrib chiqdi.

Taʼkidlash joizki, harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini taʼminlash, ularni soz holatda saqlashda koʻrsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati katta. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi birinchi oʻrinda oʻziga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼul hisoblanadi. Shu bois, harbiy texnika va qurol-aslahalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga oʻtkazish tadbirlariga oʻta masʼuliyat bilan qaraladi. Mazkur kompleks tadbirlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida foydalanishga hozirlash uchun tashkil etiladi.

Tadbirlarni bajarishda texnologik xaritalarga koʻra harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari oʻtkaziladi, yoqilgʻi-moylash ashyolari yangisiga oʻzgartiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga oʻtkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati