Istiqlol shukuhini tarannum etuvchi konsert dasturi

0
2068

Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonidagi “Vatanparvar” mahallasida mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlangan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirni okrug qoʻmondonligining masʼul ofitserlari Oʻzbekistonning mustaqillik davrida erishgan ulkan yutuqlari va Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar haqidagi nutqi bilan boshlab, barchani istiqlolimizning 32 yilligi bilan qutladi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyati boʻlinmasi hamda Samarqand garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida tashkil etilgan konsert dasturlariga navbat berildi.

Xushovoz xonandalar, harbiy orkestr hamda raqs ansambllari ijrosidagi qoʻshiq, raqs va sheʼrlar tomoshabinlarga oʻzgacha quvonch ulashdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ayniqsa, Vatan va mustaqillik haqidagi qoʻshiqlar harbiy xizmatchilar hamda harbiy shaharchadagi aholini yanada jonlantirib, goʻzal raqslarga chorladi.

Tashkil etilgan konsert dasturi tomoshabinlarda shukronalik hissini uygʻotishga va ozod yurtda erkin yashashga undagani bilan ahamiyatli boʻldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati