“Qalqon-2023” maxsus-taktik oʻquvi boʻlib oʻtdi

0
2322

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Mudofaa vazirliklari oʻrtasida tuzilgan harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Modellashtirish va simulyatsiya boʻyicha tadqiqotlar dala-oʻquv markazida ikki davlat harbiy boʻlinmalarining birgalikdagi maxsus-taktik oʻquvining kompyuter qoʻmondonlik-shtab oʻquvi shaklida oʻtkazildi.

Bugun dunyoda kechayotgan qurolli toʻqnashuvlar qoʻshinlarda jang olib borishning zamonaviy usul va uslublarini amaliyotda keng qoʻllash, boshqa davlatlar armiyasi bilan tajriba almashish, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan turli keskin vaziyatlarga doimo shay turish, eng soʻnggi texnologiyalar yordamida koʻnikmalarni muntazam oshirib borishni taqazo etmoqda. Mazkur oʻquvda ham ayni shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Albatta, texnika va texnologiyalar asrida masofadan turib qoʻshinlarni boshqarish, dushman kuch-tuzilmalariga qarshi kurashish va jang taqdirini oldindan taxminiy belgilash qiyin emas. Birgalikdagi mazkur oʻquvda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan har bir holat baholanib, keskin vaziyatlarda harakatlanish, tezkor qaror asosida vazifalarni aʼlo va betalafot uddalash masalalari koʻrib chiqildi. Ishonch bilan ayta olamizki, qoʻshinlarimiz tezkor va yuksak jangovar qobilyatga ega. Buni ikki davlat harbiy boʻlinmalarining birgalikdagi maxsus-taktik oʻquvidagi jarayonlardan yaqqol ham koʻrish mumkin.

Poytaxtimizda joylashgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi Ikkinchi jahon urushi yillaridan soʻzlovchi va oʻsha davrni oʻzida aks ettirgan turli eksponatlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki xorijliklarni ham befarq qoldirmaydi. Bir on boʻlsada inson koʻz oldidan uzoq oʻtmish, ota-bobolarimizning jasoratiyu matonati aks etgan oq-qora tasvirlar oʻtadi. Mazkur hududdagi “Shon-sharaf” muzeyi esa sizni beixtiyor tarix tomon yetaklaydi. Qozogʻistonlik mehmonlar ham ushbu maskandagi sayyohati har ikki davlat xalqlarini azal-azaldan qardoshligiyu bir yoqadan bosh chiqarib yelkadosh boʻlgani holda ogʻir kunlarni birga yengib oʻtishgani haqida yanada chuqurroq maʼlumotlar olishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Modellashtirish va simulyatsiya boʻyicha tadqiqotlar dala-oʻquv markazida besh kun davom etgan birgalikdagi maxsus-taktik oʻquv yakuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda har ikki mamlakat harbiy xizmatchilari ishtirokidagi mazkur oʻquvda orttirilgan tajriba va natijalar tahlil etilib, esdalik nishonlari va sovgʻalar ulashildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti