«Eng yaxshi kitobxon oila» ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi

0
839

Tarbiyaning barcha mezon va unsurlari oilada shakllantirilganidek, yosh avlod qalbida adabiyotga, kitobga mehrni, qiziqishni oshirishda ham oilaning o‘rni, ota-onaning ibrati nihoyatda beqiyosdir. Mudofaa vazirligi tizimida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan «Eng yaxshi kitobxon oila» ko‘rik-tanlovi ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiluvchi xayrli tadbir sanaladi.

Tanlovning yakuniy bosqichi Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida onlayn tarzda o‘tkazildi. Unda 8 ta bir-biridan zukko va bilimdon oilalar uchta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlarni nufuzli hakamlar hay’ati baholab bordi.

Dastlabki shart tanishtiruv deb nomlandi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini turli badiiy chiqishlar orqali, ya’ni qaysidir oila she’riy, yana qaysidir oila esa musiqali tarzda tanishtirdilar. Ishtirokchi oilalarning bellashuvga katta tayyorgarlik ko‘rgani birinchi shartdayoq yaqqol ko‘zga tashlandi.

Ikkinchi – «Biz kitobxon oilamiz» sharti tanlovning yanada qiziqarli va jo‘shqin bo‘lishini ta’minladi, desam xato bo‘lmaydi. Chunki ushbu shartda ishtirokchilar o‘zlari sevib mutolaa qiladigan shoir va adiblar ijodidan she’r, monolog, g‘azallar ijro etishdi. Mavzuga mos namoyish etilgan videoroliklik va lavhalar badiiy chiqishlarni to‘ldirdi. E’tirofga sazovor jihati, ishtirokchilar shartni bajarish jarayonida san’atkorlik mahorati bilan obrazga kirib, nutq madaniyati qoidalariga to‘liq amal qilishdi.

Uchinchi shart haqiqiy bilimlar bellashuvi bo‘ldi. Unda ishtirokchilarga buyuk mutafakkirlar, o‘zbek va jahon adabiyotining yirik namoyondalari asarlari bo‘yicha savollar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, ishtirokchilarning o‘zbek va jahon adabiyotidan qanchalik xabardor ekanliklari, aqliy zakovatlari mana shu shart orqali yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.

Qayd etilgan natijalarga ko‘ra, katta leytenant Shahzod Mirzaqobilov oilasi (Toshkent harbiy okrugi) birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni podpolkovnik Shokir Kuyikov oilasi (Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti), uchinchi o‘rinni esa kichik serjant Faxriddin Rahmatov oilasi (Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug) egalladi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti