Dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasidagi Jahon chempionatini o‘tkazish vakolati Oʻzbekiston Mudofaa vazirligiga topshirildi

0
884

Ayni kunlarda Rossiya Federasiyasining Moskva shahrida Xalqaro harbiy sport kengashining (CISM) 78-Bosh Assambleyasi va Kongressi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur nufuzli tadbirda 50 dan ortiq davlat vakillari Bryussel shahridan toʻgʻridan toʻgʻri videokonferens-aloqa orqali ishtirok etyapti.

Usbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport Markazi boshligʻi polkovnik Mansur Mamadaminov hamda Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi Jismoniy tayyorgarlik boʻlimi katta inspektori polkovnik Avaz Azimov qatnashmoqda.

Tadbir doirasida ishtirokchi davlatlarning sport faoliyati, musobaqalarni oʻtkazish qoidalari va boshqa masalalar koʻrib chiqildi. Tadbirda 2024-yili dzyudo sport turi boʻyicha Harbiylar oʻrtasidagi jahon chempionatini oʻtkazish vakolati Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga topshirildi, bu esa oʻz oʻrnida xalqaro tashkilotning mamlakatimizga boʻlgan yuksak ishonchidan dalildir.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti