Surxondaryoda “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi oʻtkazildi

0
964

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlaridagi umumtaʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilaridan tashkil topgan 14 ta jamoa oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Janubiy operativ qoʻmondonligi, Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, Termiz harbiy prokuraturasi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, faxriylar va harbiy pensionerlar ishtirok etdi.

Musobaqa ishtirokchilari “Safda qoʻshiq aytish”, “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Duatlon” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan shartlarda oʻzaro bellashdilar.

Musobaka murosasiz kechdi. Oʻz tumani shaʼnini himoya qilishga shay turgan yoshlar birinchilik uchun kurashdi. Hakamlar hayʼati bo‘lsa, ularni shaffof tarzda baholab borildi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida qo‘mondonlik boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Alisher Shirinov ishtirok etib, bugungni kunda mamlakatimiz yoshlariga qaratilayotgan eʼtibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yutuqlar haqida gapirib, gʻolib jamoaga respublika bosqichida ham faxrli oʻrinni olib kelishlarida omad tiladi.

Yakuniy natijalarga koʻra, uchinchi oʻrinni Qiziriq tumanining 36-sonli umumtaʼlim maktabining “JANUB QALQONLARI” jamoasi, ikkinchi oʻrinni Uzun tumanidagi 6-sonli umumtaʼlim maktabining “YOSh ChEGARACHI” jamoasi hamda faxrli birinchi oʻrinni Denov tumani 10 sonli umumoʻrta taʼlim maktabining “BARS” jamoasi qo‘lga kiritdi. 

Gʻoliblar diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni