Vodiy viloyatlarida “Vatan manzumasi” adabiy-ma’rifiy kechalari tashkil etildi

0
852

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining joriy yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, qo‘shinlarda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ishlarni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan qator tavsiyalar berilgan edi.

Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha ana shu vazifalar ijrosining o‘ziga xos ko‘rinishi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur kechada Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, otashnafas shoirlarning she’rlari yangradi. Mamlakatimizdagi tinch-osoyishta, xavf-xatardan xoli hayot, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik, to‘kislik va faravonlik, oqibat, o‘zaro mehr hamda muruvvat muhiti oliy qadriyat ekani yorqin va betakror musiqiy dastur orqali o‘z ifodasini topdi.

Aytish kerakki, dasturdan o‘rin olgan har bir she’r, har bir qo‘shiq va har bir chiqish bir-biriga uzviy bog‘langan. Tomoshabin diqqati bir lahzaga bo‘lsada bo‘linmaydi. Bu turli qatlam vakillaridan iborat kuzatuvchi jamoalar misolida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Adabiy-ma’rifiy kechada har bir chiqishning ma’no-mazmunini ifodalaydigan, uning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladigan videolavhalar, teatrlashtirilgan badiiy kompozitsiyalar ham namoyish qilindi. Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasi yod etildi, ona yurtning ulug‘ farzandlari, betakror ijodkorlari yodga olindi.

“Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kechada Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining harbiy xizmatchisi — katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov hamda Qurolli Kuchlar xizmatchisi Begali Eshonqulov ham o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati