Qoraqalpog‘istonda “Vatanparvar” tashkiloti 30 yilligiga musobaqa o‘tkazildi

0
609

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, sportning texnik va amaliy turlariga jalb qilish orqali ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash bo‘yicha muhim vazifalarni ado etish bilan bir qatorda ehtiyojmand oilalar farzandlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tishini ta’minlab kelmoqda.

Jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan “Yoshlar daftari” va “Temir daftari”ga kiritilgan Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a yoshlari o‘rtasida tashkilotning Amudaryo tumani o‘quv-sport texnika klubi bazasida pnevmatik miltiqdan o‘q otish, biatlon va duatlon sport turlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston birinchiligi bahslari o‘tkazildi.

“Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganining 30 yilligi bayramiga bag‘ishlangan musobaqa yoshlar o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini targ‘ib etish, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish hamda yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, tashkilot tomonidan bugungi kunda Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va ehtiyojmand oilalar farzandlarini ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimizning 2021-yil 20-apreldagi farmoniga muvofiq, “Vatanparvar” tashkilotining “Avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslari”da endilikda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham imtiyoz asosida tahsil olishi mumkin bo‘ldi. Ana shunday imtiyozlardan foydalangan Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarning 25 nafar joriy yilda Nukus shahridagi O‘STKda birinchilar qatorida tahsil olish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Musobaqada faol ishtirok etgan yoshlar o‘rta masofaga yugurish, velosiped haydash hamda pnevmatik miltiqdan o‘q otish shartlarini bajarishlari kerak edi. Ishtirokchilardagi shijoat, g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bellashuvlarning so‘nggi soniyalarigacha sezilib turdi.

Musobaqada O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Hasanboy Mahmudov hamda tashkilotning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Quvatboy Razbekov ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra umumjamoa hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchiligi bahslarida Beruniy tumani yoshlari shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi. Ellikqal’a tuman sharafini himoya qilgan yoshlar musobaqada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘ringa to‘rtko‘llik yoshlar jamoasi loyiq deb topildi.

G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bellashuvlarda birinchi o‘rinlarni qayd etgan yoshlar esa mazkur musobaqaning navbatdagi bosqichlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati