Pnevmatik qurollardan o’q otish bo’yicha O‘zbekiston kubogi bahslariga start berildi

0
678

Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markaziga qarashli o‘q otish bazasida erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslariga start berildi.

Respublikamizning to‘qqizta viloyati hamda Toshkent shahridan kelgan 118 nafar sportchi bir hafta davomida pnevmatik qurollardan o’q otish bo’yicha O‘zbekiston kubogining 2021-yilgi sovrinli o‘rinlari uchun bellashadilar. Ular safida Tokio-2020 ishtirokchisi Muxtasar Tohirova, ko‘pgina xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan Olima Komilova, Nigina Saidkulova, Vadim Skorovarov, Vladimir Svechnikov, Roman Goloshanov singari nomdor sportchilarning borligi Kubok bahslarining murosasiz kurashlar ostida o‘tishini ta’minlaydi.

Pnevmatik to‘pponcha va miltiqdan o‘q otish bo‘yicha ustalari sanalgan Roman Goloshanov, Artyom Chernishev va Sakina Mamedova kabi harbiy sportchilar O‘zbekiston kubogi bahslarida Mudofaa vazirligi sharafini htmoya etmoqda. Musobaqa 8-noyabrga qadar davom etib, ishtirokchilar 10, 25 va 50 metr masofali yo‘nalishlarda shaxsiy birinchilik uchun kurash olib boradi.

Musobaqaga mas’ul hakam Alyona Aksyonovaning bizga bergan ma’lumotiga ko‘ra, yuqori natijalarni ko‘rsatgan sportchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod sportchilar tanlab olinadi.

– Penvmatik to‘pponchadan 10 metrli masofada 3-o‘rinni egalladim, deydi surxondaryolik Nigina Saidkulova. – Aslida poytaxtga o‘z yo‘nalishimda g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun kelgandim. Negaki, shu yilning sentabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritgandim. Osiyo chempioni sifatida O‘zbekiston kubogida 3-o‘rinni egallashim ko‘pchilik uchun kutilmagan natija bo‘ldi. O‘q otish sportida sportchi uchun raqib bo‘lmaydi. U o‘zi bilan o‘zi kurash olib boradi. Nafas olish, yurak urishini maromida ushlab turish, to‘pponchani bir necha muddat muallaq ushlash, diqqatni bir nuqtaga jamlash – bularning barcha-barchasi o‘z maromida bo‘lishi shart. Aks holda… O‘zbekiston Kubogi musobaqasida yuqorida sanaganlarimdan qaysidir bir pand berdi shekilli, natija shunga yarasha bo‘ldi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti