Harbiy xizmatchilar Prezident maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi

0
813

Toshkent shahridagi Prezident maktabida Mudofaa vazirligining bir guruh harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar akademiyasi ofitserlari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i polkovnik Shavkat Mamajonov o‘quvchi yoshlarga mutaxassisligi bo‘yicha hayotiy tajribasi haqida so‘zlab berar ekan, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor, ularning ta’lim va tarbiyasi bo‘yicha olib borilayotgan muhim islohotlar tahsinga sazovorligini aytib o‘tdi. Ochiq muloqot davomida o‘quvchilarning mana shunday keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda Vatan ravnaqi uchun kerakli kadrlar bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdi.

Aytish kerakki, o‘z o‘rnida o‘quvchilarning bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy hodisalar va eng so‘nggi yangiliklardan boxabarligi yig‘ilganlarni hayratga solmasdan qolmadi. Ularning intellektual salohiyati mehmonlarning e’tirofiga erishdi. 

Uchrashuv davomida akademiya vakillari tomonidan maktab ma’muriyatiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Yakunda mehmonlar Prezident maktabida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zJOKU talabasi Barchinoy SINDAROVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti