Prokuror va yoshlar uchrashuvi

0
772

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida uyushmagan yoshlar hamda kursantlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning hayoti va faoliyatida toʻsiq boʻlayotgan muammolarga qonuniy yechimlar topishga koʻmaklashish maqsadida prokuror va yoshlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda yoshlarning harbiy bilim yurti boʻylab kursantlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish, ular bilan samimiy suhbatlashish jarayonlarida harbiy kasbga boʻlgan qiziqishlari ham ortdi. “Tengdosh-tengdoshga” shiori ostida oʻtkazilgan davra suhbatlari ham yoshlarni vatanga boʻlgan mehrini oshishida asos boʻldi.

Yoshlar va kursantlarning samimiy suhbatiga yetakchilik qilgan adliya polkovnigi Sherzod Xaitov hamda Chirchiq shahar harbiy prokurori, adliya podpolkovnigi Qobil Anarboyev yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi. Doʻstona tarzda boʻlib oʻtgan uchrashuv soʻngida oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashgan yoshlar, harbiy libosni kiyishga va Vataniga xizmat qilishni oʻz oldiga maqsad qilib olganligini hayajon bilan taʼriflashdi. Bu borada nimalar qilish kerakligi toʻgʻrisida prokurorlardan huquqiy maslahatlar olishdi.

Uchrashuv avvalida tushkin kayfiyat va maqsadsiz hayot tarzi bilan kelgan yoshlarning aksariyati, yakunda oʻziga kerakli maslahatlar, huquqiy asos va Vatanga muhabbat bilan uyiga qaytishdi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti