“101-reys” filmi ijodkorlari bilan uchrashuv boʻldi

0
729

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligida Akrom Shaxnazarov tomonidan suratga olingan “101-reys” filmiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda film ijodkorlari, maktab oʻquvchilari, askarlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

— “101-reys” filmini suratga olish jarayonlari toʻrt yil davom etdi. Oʻtgan vaqt davomida 720 dan ortiq kishi ushbu jarayonda ishtirok etdi. Davlat buyurtmasi asosida ishlangan ushbu ijodiy ishim birinchisi edi, – deydi Akrom Shaxnazarov. – Bunday katta ijodiy jamoa bilan ishlash, ularni har biridan vazifasini toʻla qabul qilish, ssenariy boʻyicha aktyorlarni tanlash mendan ulkan masʼulyat talab qildi. Qoʻrquv ham boʻldi. Aslida boʻlgan voqea asosida kino yaratishning oʻziga yarasha ogʻirliklari bor ekan. Sanalar, manzillar, hatto soniyalar ham juda ahamiyatli boʻlgan “101-reys” xuddi manashunday qiyinchiliklar bilan suratga olindi. Ahamiyatlisi, film uchun oʻzbek uchuvchilari bilan 2001-yil sodir boʻlgan voqeani xuddi oʻsha samolyotda suratga oldik. Ayrim sahnalarni suratga olishda Mudofaa vazirligi tomonidan juda katta yordam berildi. Iltimosimizga “labbay” deya javob bergani va amaliy yordami uchun Mudofaa vazirligi rahbariyati hamda mutaxassislarigi minnatdorligimni aytmoqchiman.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga ijodiy guruh aʼzolari qiziqarli tarzda javob berishdi. Tadbir soʻngida qoʻmondonlik tomonidan film ijodkorlariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti