Vatan oʻz fidoyi farzandlarini unutmaydi

0
676

Ikkinchi jahon urushida fashist bosqinchilariga qarshi kurashda oʻzbek xalqi oʻzining minglab zabardast oʻgʻlonlaridan ayrildi. Ulardan biri mohir sarkarda, birinchi oʻzbek generali Sobir Rahimovdir. 25-yanvar kuni koʻpchilik tomonidan Temir irodali general deb eʼtirof etilgan tajribali sarkardaning 121 yilligi nishonlanadi.

Frontning eng qaynoq nuqtalarida muhim gʻalabalarga erishgan oʻzbek sarkardasining tavallud kuni munosabati bilan “Gʻalaba bogʻi” yodgorolik majmuasi huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Vatan oʻz fidoyi farzandalarini unutmaydi” mavzusida xotira kechasi oʻtkazildi. Dastlab xotira kechasiga taklif etilgan maktab oʻquvchilari va Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari uchun muzeyning Sobir Rahimov uchun tashkil etilgan burchagida davra suhbati tashkillashtirildi. Muzey xodimlari va tarixchilar yosh avlodga generalning sarkardalik mahoratidan soʻzlovchi har bir shaxsiy buyumlari haqida maʼlumot berib oʻtildi.

Shundan soʻng tarixchi olimlar, mutaxassislar va muzey xodimlari Sobir Rahimovning bolaligi va oʻsmirlik davridagi xayot yoʻli hamda Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy faoliyati, bugungi kunda uning xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼruzalar tinglandi. Taʼkidlash joizki, bugungi tinch va farovon kunlarga yetib kelishimizda, ota-bobolarimizning jasorati, ona vatanga boʻlgan sadoqati, mardligi va koʻrsatgan qahramonliklarini eslamasdan iloj yoʻq. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi davrida irodali general nom qozongan birinchi oʻzbek generali Sobir Rahimov tomonidan yaratilgan qahramonlik timsoli asrlar davomida yosh avlodga har tomonlama oʻrnak boʻla oladi.

Yillar davomida oʻzbek va xorijlik shoir hamda yozuvchilar tomonidan Sobir Rahimovning jasoratini aks ettiruvchi asarlar, sheʼrlar, ocherklar, balladalar yaratildi. Vatan uchun koʻrsatgan sadoqati va qahramonligi yuksak qadrlanib pyesalar yozilib, dramalar sahnalashtirildi. 1967-yili “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida uning hayoti va qoʻmondonlik mahoratiga bagʻishlangan “General Rahimov” badiiy film surʼatga olindi. Buguni kunda yurtimizda ajdodlarimizdan bizga meʼros boʻlib qolgan qadriyatlarni yosh avlodga oʻrnak va namuna sifatida koʻrsatib, ularning porloq xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy ifodasi sifatida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyining ust qismida gʻalaba ramzini ifodalovchi Sobir Rahimov hamda yurtimizning mard va jasur farzandlari sharafiga oʻrnatilgan “Mangu qahramonlik” kompozitsiyasida oʻz aksini topgan. Vatan muqaddas va ulugʻ dargohdir. Uning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash har birimizning muqaddas burchimizdir. Muqaddas zaminimizninig har qarich tuprogʻini aziz bilgan fidoiy insonlar aslo unutmaydi.

Yuqorida taʼkidlanganidek, Sobir Rahimov oʻzidan avlodlarga yorqin qahramon timsolini qoldirib ketdi. Shu bilan birga oʻzbek generali shaxsiyati bilan bogʻliq ayrim maʼlumotlarga ochiqlik kiritish uchun ilmiy izlanishlar olib borilishi talab etiladi. Ayrim manbalarda uning dafn etilgan joyi, ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari haqida turli maʼlumotlarni uchratish mumkin. Nima boʻlgan taqdirda ham u tomonidan qoldirilgan qahramonlik butun insoniyat uchun tarixiy meros boʻlib xizmat qiladi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti