Qalblarda qaynoq harorat

0
660

Musiqa insonning hissiyoti, ruhiyati va kayfiyatini xilma-xil notalarda ifodalovchi, geografik chegaralarni bilmaydigan, cheksiz, universal madaniy vosita, ijodiy hodisa. Bu fikrimning nechog‘li hayotiyligini Chilonzor tumanidagi mahallalardan birida Mudofaa vazirligi tashkil etgan mobil madaniyat markazi yaqqol dalillaydi. Bu yerda Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli, Toshkent harbiy okrugi harbiy orkestrining badiiy-musiqiy kompozitsiyasi yuqori pardalarda ijro etilib, mahalladagi har bir xonadonda aks-sado berdi desak, xato bo‘lmaydi.

Ona yurt madhi, vatanparvarlik, sadoqat va muhabbat tuyg‘ularini tarannum etuvchi sho‘x-shodon navolar, diltortar kuy-qo‘shiqlar mahalla ahlini raqsga chorladi.

Xushovoz xonandalar ijrosi va ashulalariga xirom aylagan qizg‘in davra yanada kengayib, beixtiyor ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagani uchun ko‘ngillarga qishning qahratoni ham ta’sir o‘tkaza olmadi. Aksincha, mobil madaniyat markazining ovozasi olisgacha yetgan ohanglari zarbi qalblarga qaynoq harorat ulashdi.

Harbiy xizmatchilarning musiqiy tuhfasidan keyin doshqozonda yetilgan palov mahalla ahliga tarqatildi. El koriga vobasta bo‘layotgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga mahalla fuqarolar yig‘ini rahbariyati samimiy minnatdorlik bildirib, tashakkurnomalarini topshirdi.

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Hasan Halilovning ta’kidlashicha, respublikamizning olis hududlarida yana oltita shunday mobil madaniyat markazi tashkil etiladi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti