Jizzaxda yoshlar uchun “Jasorat maktabi” o’quv yig‘ini boshlandi

0
927

Mudofaani boshqarish milliy markazida Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida davlat rahbari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida “Jizzax tajribasi” asosida oʻquv yigʻinlarini oʻtkazish kerakligini taʻkidlagandi.

Shunga muvofiq, Jizzax viloyatining harbiy-maʻmuriy sektori va Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi bu borada yana bir bor tashabbusni qoʻlga olib, viloyatning turli hududlaridan muqim ish joyiga ega boʻlmagan hamda ichki ishlar nazoratida boʻlgan yoshlar uchun “Armiya  — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida 10 kunlik “”Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinini boshladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda ichki ishlar tomonidan shakllantirilgan yigʻin ishtirokchilari dastlab Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazida jam boʻlib, harbiy qism tomon yoʻl olishdi.

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi.

Dastlab yoshlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga harbiy liboslar berildi va guruhlarga bo‘lindi:

1-guruh — Yosh havaskor tadbirkorlar guruhi;

2-guruh — Yosh IT dasturchilar guruhi;

3-guruh — Yosh agronomlar guruhi;

4-guruh — Yosh duradgorlar guruhi.

“Jasorat maktabi” yigʻinining ochilish tantanasida Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni general-mayor Oybek Saidov, Jizzax viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Qoʻmondon oʻz soʻzida yigʻin davomida jismoniy va axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va aʻlo koʻrsatkichlar qayd etgan yoshlar bir oylik xizmatni oʻtab, kontrakt asosida harbiy xizmatga qabul qilinishi, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun safarbar etilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, yigʻin davomida 100 nafar yigitlar 10 kun muddatda jangovar, sport oʻyinlari, maʻnaviy-maʻrifiy tayyorgarlik hamda kasbga yoʻnaltirish boʻyicha mashgʻulotlarga jalb qilinadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati