Harbiy qoʻshiqlar nega kerak?

0
1009

Oʻy…

Baʼzan askarlar shunchaki qoʻshiq aytishadi. Safda, mashgʻulotlarda, dam olish – tanaffus paytlarida…

Baʼzi-baʼzida nafaqaga chiqqan harbiylar, muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgan askarlarning qoʻshiq xirgoyi qilib yurganini eshitamiz. Ular harbiy, saf qoʻshiqlarini sogʻinib aytishadi. Ammo ular koʻp emas…

Gap askardamikan? Yoki harbiy xizmatda yoki qoʻshiqdami?

Gap askarda emas. Chunki u Vatan himoyasiga doim tayyor. Harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan boʻlsa-da, askarligini biz zum unutmaydi. Balki gap harbiy xizmatda ham emasdir. Chunki zaxiraga chiqqan harbiy xizmatchi yoki askar xizmat davrlarini esdan chiqarmaydi. Unutmaydigina emas, sogʻinadi, qumsaydi, qaytgisi keladi. Gap qoʻshiqdamikan?

Bizning qanday harbiy qoʻshiqlarimiz bor oʻzi? Yoʻq, avval boshqa savolni qoʻyish kerak? Harbiy qoʻshiqlar, saf qoʻshiqlari nega kerak?

Musiqa va ruhiyat

Harbiy qoʻshiqlarning tarixi juda chuqur. Qadimgi yunonlar doim vatanparvarlik ruhidagi musiqalarni chalib, shu mazmundagi qoʻshiqlarni aytib kelishgan. Musiqa jamoalariga fleytachilar boshchilik qilishgan. Qadimgi spartaliklar ham puflama cholgʻu asboblari sadolari ostida urushga borishgan. Harbiy musiqa uchun shoxlardan ham foydalanishgan. Musiqa va qoʻshiqning harbiy faoliyatdagi samaradorligi esa bevosita qadimgi rimliklarga borib taqaladi. Yaʼni ular birinchi boʻlib bu qoʻshiqlarning qadrini bilishgan, kerak ekanligini anglashgan. Rim qoʻmondonlari baraban va misdan tayyorlangan cholgʻular ohanglari bilan askarlarning yanada ishtiyoq bilan harakat qilishlarini, safda qadamlarning tartibi va tezligini musiqa bilan ushlash mumkinligini payqashgan. Bunda ovoz chiqaruvchi shoxlar va puflama signal vositalari muhim rol oʻynagan. Asta-sekin musiqaning rivojlanishi harbiy sohaga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmagan. Harbiy marshlar XV-XVI asrga kelib mashhur bastakorlar asarlaridan ham oʻrin egallay boshlagan.

Toʻy-tomosha va bayramlarni qoʻshiqsiz oʻtkazib boʻlmagani kabi harbiy yurishlarni saf qoʻshiqlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Lekin negadir ana shu saf qoʻshiqlari, harbiy qoʻshiqlarning muxlislari juda kam. Sobiq harbiy yoki muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgan yigit faqatgina harbiy xizmatdagi vaqtini sogʻinganidan emas, Vatan uchun har doim hamma narsaga tayyorligi uchun bu qoʻshiqlarni eslashi – eng muhim jihat.

Demak bizga muddatli harbiy xizmatchi armiyadan qaytgandan soʻng eslab yuradigan, xirgoyi qiladigan, ukalariga oʻrgatadigan qoʻshiqlar kerak. Toʻgʻri, bunday qoʻshiqlar bor. Koʻp boʻlsa, yana yaxshi…

Tabiiy zarurat

Tahlikali vaziyatlarda inson oʻzi uchun haqiqatda nima qadrli ekanligini, yashashdan maqsadini, eng aziz insonlarini anglaydi. Shu boisdan ham harbiy saf qoʻshiqlari askarlarning kuchlarni jipslashtirish, mardonavor safarbar etishning eng kuchli vositasi hisoblanadi. Ogʻir va lirik, oʻynoqi va jangovor qoʻshiqlar – bular qay ohangda aytilmasin, askarga oʻz uyini, yaqinlarini eslatadi, jangovar holatlarda ularning ruhini koʻtaradi.

Yaxshi qoʻshiq, yaxshi musiqa askarga mashaqqat va qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Askarlar saf mashgʻulotlarida, harbiy paradlarda, boʻsh vaqtlarida qoʻshiq kuylab, ruhlarini chiniqtiradilar. Qoʻshiq askar uchun tabiiy zarurat boʻlishi kerakligining sababi ham shunda.

Ritm, zarb va biologik holat

Musiqiy ritm, birinchi navbatda, harbiy xizmatchilarning safda qadam tashlashini taʼminlash uchun moʻljallangan. Bu shunchaki namoyish etish vositasi emas, uning jiddiy psixofizik asoslari bor. Antik davrlardan kelgan asos bu.

Musiqaning inson ruhiyatiga taʼsiri biologlar va tibbiyot olimlarini hayratda qoldirib kelgan. Darvinning fikriga koʻra, insoniyat musiqiy ohang, quvnoq ritmik zarblar va ulardan zavqlanishni soʻzlash qobiliyatiga ega boʻlganidan ancha oldin oʻrgangan. Musiqa eshitganda tana aʼzolari, koʻpincha oyoqlar unga mos harakat qila boshlaydi. Tarixchi olimlar qadimgi insonlarning olov atrofidagi ritmik harakatlarini eng birinchi va eng oddiy sinxronlashtirilgan shovqin sifatida koʻrsatishadi.

Bir daqiqada 120 zarb (aniqrogʻi qadam) tezligini tarixchilar Napoleon nomi bilan bogʻlashadi. (Safdagi qadamlar tezligini tasavvur qiling) Qisqa vaqt ichida koʻproq hududlarni egallashni istagan sarkarda askarlarni tezroq harakat qilishga undagan va bunda harbiy musiqadan foydalangan. Qizigʻi, yuqorida aytilgan mashhur musiqalarning oʻrtacha tezligi ham daqiqasiga 117-122 zarb oraligʻida.

Insonning ichki ritmi – yurak urish tezligi sogʻlom odamda bir daqiqada 60-80 zarb. Yuqorida taʼkidlaganimiz, harbiy musiqa tezligi esa ana shuning 2 barobar tezroq holatidir. Demak, bu bizning biologik tabiiy holatimiz bilan bevosita bogʻliq.

Nega bu qoʻshiqlar uzoq yashadi?

Urush davrida qoʻshiqlarning ahamiyati yanada ortib boradi. Askarning sogʻinchi, armiyadan tashqaridagi hayot tarzi, maqsadi, kelajagi boʻladi bu qoʻshiqlarda. Ularning koʻpi xalq qoʻshiqlariga aylanib ketadi. Sodda, tushunarli, samimiy tasvirlar… Mazmun ham shunga yarasha: gʻalabaga daʼvat, jipslik, Vatanga mehr, gʻurur va albatta, ertangi kunga ishonch tuygʻulari boʻladi. Urush yillarida tugʻilgan har bir qoʻshiqning oʻz tarixi, oʻz yoʻli, oʻz taqdiri bor. Ana endi “Urush davrida yaratilgan harbiy qoʻshiqlar nega hali ham yashab kelyapti” degan savolga javob tugʻiladi. Sababi ularda dard, real hayot bor edi. Bu qoʻshiqlar odamlarga yoʻqotishning ogʻriq va mashaqqatlarini, ochlik va ayriliq iztiroblarini teran anglatar, baʼzi qoʻshiqlar motivlarida maʼlum voqealar yoki shaxslarning fojiali taqdiri bor edi.

Bugun esa zamon harbiy qoʻshiqchilikning zamon va makon tanlamas yuksak anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirishni talab etmoqda. Bunda, albatta, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy ansambl va orkestr jamoalari oʻrtasida muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan harbiy va saf qoʻshiqlari tanlovlari, shu mazmundagi festivallar juda yaxshi samara beradi. Oxirgi yillarda esa mazkur ishlarga faqatgina harbiylar emas, soʻz va musiqani, inson ruhiyatini teran anglovchi mutaxassislarni jalb etilayotgani quvonarli holdir. Yana bir muhim jihat shundaki, bu qoʻshiqlar faqatgina harbiy yigʻinlarda yoki saf mashgʻulotlarida emas, balki hammaga, ayniqsa, yosh avlodga kuchli taʼsir koʻrsatadigan notalarda yaratilishi lozim.

Ishonch…

Harbiy marshda eng muhim rol askarlarning sinxron harakatlaridir. Bu qoʻshiq va musiqa bilan bir butunlikda harakat qilishi degani. “Biz hammamiz bittamiz! Biz birgamiz! Biz yagona kuchmiz!” degan ishonch bu. Zero inson muvaffaqyatining eng muhim kaliti ham ishonchda!

Qoʻshiq armiyaning ruhini sindirishga imkon bermaydigan dahshatli qurolga aylanishi kerak.

Xullas, bizga ana shunday qoʻshiqlar kerak!

Dadaxon MUHAMMADIYEV, shoir