Xalqaro zotdor itlar ko‘rgazmasi

0
1008

Bugun, 30-oktyabr kuni mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida “O‘zbekiston kubogi – 2021” xalqaro zotdor itlar ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ko‘rgazma “Vatanparvar”, Xalqaro Kinologiya ittifoqi (IKU) hamda shu ittifoqqa a’zo «Professional canis» xizmatchi itlar klubi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Ochilish marosimida hamkor tashkilotlar vakillari birin-ketin so‘zga chiqib, tadbirga yig‘ilgan mehmon va mezbonlarni samimiy tabrikladi va barchaga omad tiladi.

Shundan so‘ng bolajonlar ishtirokida turli sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi. Xususan, ular ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqslar xorijlik mehmonlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, marosimda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchi kinologlari va  «Professional canis» xizmatchi itlar klubi a’zolari ishtirokidagi xizmat itlari bilan ko‘rsatilgan tryuklar barchani hayratga soldi.

Zotdor itlar ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimidan keyingi jarayonlar ayniqsa, qizg‘in tus oldi. Barcha ishtirokchilar navbati bilan belgilangan nuqtalarda o‘z itlari hamrohligida ko‘rinish berdi.

Joyi kelganda aytib o‘tish kerak, bugungi kunda har bitta kuch tuzilma xizmat itlaridan, ya’ni kinologiya xizmatidan samarali foydalanib kelmoqda. “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan respublikamizning yirik shaharlarida (yirik aholi markazlarida) xizmatchi itlarni yetishtirish bo‘yicha klublar (seksiyalar, pitomniklar va boshqalar) faoliyatini qayta tiklash va xizmatchi itlarni yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, tashkilot fuqarolarni aholi o‘rtasida xizmatchi itlarni yetishtirishni ommalashtirish va targ‘ib qilishga chaqirmoqda.

Tadbir davomida itlar ko‘rgazmasidan tashqari, turli tanlovlar ham bo‘lib o‘tdi.

Jumladan,  bola va it, bolalar chizgan rasmlar, bir odamga tegishli bir zotga mansub itlar juftliklari va turli zotlarga mansub itlar juftliklari tanlovlari bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, tadbir davomida itlar uchun eng original kiyimlar tanlovi va bolalar va kattalar o‘rtasida eng yaxshi xendlerlar (ko‘rgazmalarda itlarni namoyish qilish san’ati bilan shug‘ullanuvchilar) musobaqasi tashkil qilindi.

Ko‘rgazmada Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Xalqaro ekspertlar turli davlatlardan kelgan zotdor itlarning chiqishlarini kuzatib, ularning imkoniyatlarini ma’lum mezonlar asosida baholab bordi. Eng yaxshi parvarish qilingan itlar va ularning egalari ko‘rgazma so‘ngida homkor tashkilotlar tomonidan kubog, diplom va esdalik sovg’alari bilan rag‘batlantirildi. 

Muhammadjon XO‘JAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti