Zamonaviy, koʻrkam majmua xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishga xizmat qiladi

0
1253

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida poytaxtimizning Yashnobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik” dasturi tayyorlash markazining yangi binosini tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Bosh shtab boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov, xorijiy mamlakatlar elchixonalarining harbiy attashelari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Mudofaa vazirining shaxsiy tarkibni ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga koʻra bir guruh harbiy xizmatchilar va qurilish, taʼmirlash jarayonida faollik koʻrsatgan mutasaddilar taqdirlandi. Soʻzga chiqqanlar jamoani yangi qulaylik va imkoniyatlar bilan qutlab, tinglovchilarning xalqaro doiralarda hamisha erkin muloqotga kirisha olishlariga tilak bildirishdi.

Oʻz oʻrnida markazning malakali mutaxassislari yigʻilganlarni xorijiy tillarni oʻqitishda multimedia va lingvistik laboratoriya imkoniyatlari, oʻqitishning zamonaviy metodikalari, Axborot-resurs markazining oʻquv jaaryonidagi oʻrni haqida toʻxtalib oʻtdilar. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Shundan soʻng mehmonlar bilan markazning oʻquv binosi, yotoqxona va oshxonasiga ekskursiya uyushtirildi. 

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti