Mudofaa vazirligining ikki nafar vakili nufuzli tanlov gʻolibi boʻldi

0
1208

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-92-son farmoyishi ijrosini ta’minlash, fuqarolarda milliy armiyadan faxrlanish va unga bo‘lgan ishonch hissini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, yoshlar, shuningdek, professional shoir va ijodkorlar o‘rtasida “Posboniman muqaddas yurtning” mavzusidagi nasriy va she’riy asarlar tanlovi tashkil etilgan edi.

Tanlovning Respublika bosqichida ishtirokchilar tomonidan taqdim qilingan barcha ijodiy ishlar hakamlar hayʼati tomonidan tekshirilib, g‘oliblar aniqlandi.

Bugun, 12-yanvar kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Posboniman muqaddas yurtning” insho (hikoya) va she’rlar tanlovi Respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirni O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berar ekan, Vatan himoyachilari xalqning tom maʼnodagi qahramonlari, fidoyilari ekanini taʼkidlab oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Qurolli Kuchlar tizimidagi barcha 6 ta harbiy tuzilmalarda bu tanlov o‘tkazilib, tanlovning Respublika bosqichiga 18 nafar ishtirokchi insho hamda 15 nafar ishtirokchi she’rlar taqdim etishgan. Professional ijodkorlardan esa jami 41 nafar ijodkorlar ishtirok etishgan boʻlib, ulardan 27 nafar shoirlarning tanlovga taqdim etgan 60 dan ortiq she’rlari, 14 nafar yozuvchi-publisistlarning 20 ga yaqin nasriy asarlari o‘rganib chiqildi.

Eng quvonarlisi, tanlovning professional ijodkorlar o‘rtasidagi she’riy asarlar yoʻnalishida “Vatanparvar” birlashgan tahririyati xodimi, Qurolli Kuchlari xizmatchisi Begali Eshonqulov “Elomon” dostoni uchun faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Qurolli Kuchlar tizimi harbiy xizmatchilari o‘rtasidagi she’riy asarlar yoʻnalishida Mudofaa vazirligi kichik serjanti Rahimjon Qayumov Vatan mavzusidagi she’rlari uchun faxrli 1-oʻringa loyiq topildi.
Biz barcha gʻoliblarni samimiy tabriklagan holda, ularning kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tilab qolamiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti