«Vatan bilan ulgʻayar shon-shavkatimiz» tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

0
654

Vatan haqida aytilgan soʻz qalbning tub-tubiga yetib boradi. Nega bilasizmi? Chunki bu kalom yurakka yaqin. Shuning uchun u har doim Ona nomi bilan birgalikda istifoda etiladi. Bizni dunyoga keltirgan, oq yuvib oq tarab voyaga yetkazgan onamiz qanchalik aziz boʻlsa, Vatan ham mukarramdir. Onani eʼzozlagan, unga ehtirom koʻrsatgan farzand Vatanni ardoqlaydi, uni koʻz qorachigʻidek asraydi, deydilar. Haq gap. Bu soʻzning isbotini Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab mushtariylar, harbiy xizmatchilar, jurnalist va ijodkorlar oʻrtasida oʻtkazilgan publitsistik maqolalar tanloviga kelgan maqolalar ham isbotladi.

Milliy armiyamiz qoʻshinlarining harbiy qudratini, jangovar saflarda xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining fidoyiligi, jasorati va qahramonliklarini, ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy merosni keng targʻib qilish, xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan yurt posbonlari xotirasini abadiylashtirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodning yuksak maʼnaviy-axloqiy, vatanparvarlik sifatlarini oshirish, Vatan taqdiri va uning mustaqilligi uchun masʼuliyat hissini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ular qalbida Vatanga muhabbat, Qurolli Kuchlardan gʻururlanish va harbiy xizmatga chuqur hurmat tuygʻularini kamol toptirish maqsadida oʻtkazilgan tanlovda 60 dan ortiq ijodkor jami 150 dan ortiq maqola bilan qatnash­di. Bu maqolalarni mutolaa qilib shunga amin boʻldikki, Vatanni har kim oʻzicha taʼriflaydi, unga muhabbat har bir yurakda boʻlakcha. Lekin ularni birlashtirib turadigan bir narsa bor, u ham boʻlsa oddiylik va samimiyat. Ijod namunalarida mana shu sifat ufurib turgan, Vatan madhini juda goʻzal va oʻziga xos tarzda ifoda eta olgan 38 kishining jami 42 ta maqolasi “Vatanparvar” gazetasining bir necha sonlarida eʼlon qilindi. Ular orasidan esa gʻoliblikka munosiblar saralab olindi.

Nihoyat, Qurolli Kuchlar davlat muzeyida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari, shoir Nodir Jonuzoqov, Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar Bosh boshqarmasi boshqarma boshligʻi polkovnik Mehriddin Qoʻchqorov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti masʼul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va tanlov gʻoliblari ishtirok etdi.  

Soʻzga chiqqanlar, oʻtkazilgan tanlovning ahamiyati, badiiy va maʼnaviy qimmati haqida atroflicha fikr yuritdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 31 yilligi hamda “Vatanparvar” gazetasi chop etila boshlaganining 30 yilligiga bagʻishlab, “Vatanparvar” kutubxonasi” seriyasida nashrdan chiqarilgan “Armiya bilan hamqadam, hamfikr, hamnafas” kitobining ahamiyati haqida toʻxtalib, undagi milliy qoʻshinlar faoliyatiga doir publitsistik maqolalarni eʼtirof etdilar. Tanlov gʻoliblarini tabriklab, samimiy tilaklarini bildirishdi.

Shundan soʻng gʻolib va sovrindorlar eʼlon qilindi. Unga koʻra, 1-oʻrinni Alibek Anvariy (bazaviy hisoblash miqdorining 20 (yigirma) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 1-darajali diplom), 2 ta 2-oʻrinni Akmal Jumamurodov va Abdirashid Mirzaahmedov (bazaviy hisoblash miqdorining 15 (oʻn besh) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 2-darajali diplom), 3 ta 3-oʻrinni esa Sirojiddin Jumanazar, Oʻktamxon Akbarova va Mehriddin Muratov (bazaviy hisoblash miqdorining 10 (oʻn) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 3-darajali dip­lom) qoʻlga kiritdi.

Bahodir Valiyev, Kamoliddin Roʻzimatov, Ikromjon Asliy-Andijoniy va Samandar Saydivaliyev esa ragʻbatlantiruvchi mukofot (bazaviy hisoblash miqdorining 6 (olti) barobari miqdorida pul mukofoti hamda diplom) bilan taqdirlandi.

Mayor Gulnora XOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti