Harbiy shifokorlar Koreya Respublikasidagi xalqaro kurslarda malaka oshirishadi

0
813

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari Tibbiyot qo‘mondonligi bilan tashkil qilingan uchrashuv natijasida 2023-yilda mamlakatimiz Mudofaa vazirligi tibbiyot mutaxassislarining tibbiy yordam ko‘rsatish kurslarida tahsil olishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

2022-yilda Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari Tibbiyot maktabi ushbu kurslar tashkilotchisi sifatida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganidan boshlab O‘zbekistonning 12 nafar harbiy xizmatchisi mazkur o‘quv kurslarida taʼlim olgan dastlabki xorijiy vakillardan bo‘lishdi.

O‘quv mashg‘ulotlari yakunida O‘zbekistonning barcha harbiy xizmatchilari Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari komissiyasi oldida amaliy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Kursning xalqaro standartlardan muvaffaqiyatli o‘tgani inobatga olinib, O‘zbekistonning barcha harbiy xizmatchilariga tegishli xalqaro sertifikatlar berildi.

2023-yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining yana 15 nafar tibbiyot mutaxassisi ushbu kurslarda malaka oshirishi kutilmoqda.

Shoshilinch tibbiy yordam kursi AQSH, Kanada, Germaniya va boshqa qurolli kuchlarda o‘z samarasini ko‘rsatgan AQSH Mudofaa vazirligining jangovar jarohatlarni taktikaviy boshqarish kursiga qo‘shimcha hisoblanadi.

Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirilgan mavjud birinchi tibbiy yordam kurslaridan farqli o‘laroq, bu kurslar jangovar harakatlar paytida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni amaliy jihatdan o‘zlashtirishga, yaradorlarning hayotini saqlab qolish uchun jang maydonida xavfsiz evakuatsiyani tashkil etishga qaratilgan.