Harbiy xizmatchilar oila a’zolari sog‘ligini mustahkamlash yo‘lida

0
865

So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab onkologik xastaliklarning ko‘payib borayotgani ushbu soha rivojiga jiddiy e’tibor qaratishni talab etmoqda.

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, sog‘liqni saqlash vazirligi a’lochisi Muqaddas To‘xtaboyeva ishtirokida uchrashuv va bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rik davomida harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari onkologik kasalliklar nega ko‘payishi, uning ilk alomatlari qanday bo‘lishi, davolash va profilaktikasi nimalardan iborat kabi qator savollar bilan shifokorga murojaat etishdi.

Shifokor tomonidan, onkologik kasalliklarning ko‘payishida asosiy omillar sirasiga atrof-muhitning ifloslanishi, iqlimning global o‘zgarishi, iste’mol qilinadigan oziq-ovqat va suvimiz tarkibida turli sun’iy qo‘shimchalarning ko‘payib borayotgani hamda jismoniy faollikning pasayib borayotganligi kabi jihatlar ekanligi aytib o‘tildi.

Tadbir davomida tibbiy ko‘rik ham tashkillashtirildi, ayollarga sog‘lom turmush tarzini barqaror holatda saqlash, kasallikning oldini olishda mavsumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish, uning ilk alomatlari orqali aniqlash, davolash va profilaktika qilish bo‘yicha ham tegishli tavsiyalar berildi. Muammo va shikoyatlari tinglanib, shu yerning o‘zida tashxislar qo‘yildi va davo muolajalari belgilandi. Qo‘shimcha tekshiruv lozim bo‘lganlarga, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanmalar berildi.

Bu kabi profilaktik tadbirlar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini sog‘ligini saqlash, kasalliklarni oldini olish hamda sog‘lom hayot kechirishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mayor Farruxbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti