Yong‘in sodir bo‘lishi va is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida

0
816

Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i talablarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish, Surxondaryo viloyati hududidagi harbiy qism va muassasalarda shaxsiy tarkib tomonidan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, is gazidan zaharlanishning oldini olish, kuzgi-qishki mavsumda ogohlikni oshirish maqsadida Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismlardan birida xarbiylar va ularning oila-a’zolari bilan hamkorlikdagi kuch tuzilmalari ishtirokida profilaktik targ‘ibot tadbiri va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Surxongazta’minoti” filiali, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari va maxsus texnikalari jalb etildi.
Tadbirda harbiylar va ularning oila a’zolariga mutaxassislar tomonidan quyidagi talablar yetkazildi:
gaz va elektr asboblaridan foydalanayotganda yong‘in xavfsizligi choralariga to‘liq amal qilish, gaz quvurlarining to‘g‘ri qo‘yilganligi va uning sozligini tekshirtirish, isitish pechlarining dudburon (tutun mo‘rilari)ni isitish mavsumi boshlanishidan oldin va isitish mavsumi davrida qora qurumlardan tozalatish;
gazga rezina quvurlar orqali ulanmaslik, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanishni taqiqlash;
shaxsiy tarkibning tutunlardan (is gazi) zaharlanishining oldini olish maqsadida vaqtinchalik va doimiy xizmat xonalarini isitishda olov cho‘g‘i yoki boshqa tutash xususiyatiga ega bo‘lgan hamda yonuvchi jihozlardan foydalanmaslik;
ishga yaroqsiz rozetka, o‘chirgich (rubilnik) va boshqa elektr moslamalaridan foydalanishni, elektr taqsimlagich qalqonlarida va atrofida har xil turdagi begona narsalarni saqlashni, ortiqcha kuchlanish va qisqa tutashuv toklaridan himoyalash uchun qo‘lbola saqlagichlarni qo‘llamaslik;
harbiy shaharchalardagi uylarda, xonadonlar va yotoqxonalarda yashovchi harbiy xizmatchilar, ishchi va xizmatchilar va ularning oila-a’zolari o‘rtasida kundalik hayotda elektr va gaz asboblaridan foydalanayotganda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishlari borasida yo‘riqnomalar olib borildi.

Shuningdek, dala o‘quv markazi va poligonlarda qo‘shinlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralarining ko‘rilishi, dalda o‘quv markazi va poligonlarga chiqishdan oldin yong‘in o‘chirish vositalarining sozligi tekshirilishi, shaxsiy tarkibni lagerlarda va texnikalarda yo‘nalish davrida yong‘in xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirilib chiqarilishi, chodirli shaharchada 220 volt tok kuchlanishga ega bo‘lgan elektr tokidan foydalanish mumkin emasligi, chodirlarda o‘rnatilgan pech va boshqa isitish anjomlari yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan holda bo‘lishi, pechlarda o‘t yoqish bo‘yicha yo‘riqnoma va o‘t yoquvchilar jadvali ishlab chiqilishi yetkazildi.
Yopiq harbiy shaharchalar xonadonlarida yashovchi harbiy xizmatchilar va ularning oila-a’zolari o‘rtasida kundalik hayotda elektr va gaz asboblaridan foydalanayotganda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishlari borasida yo‘riqnomalar olib borildi va mashg‘ulotdan so‘ng yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha eslatmalar Termiz garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan tarqatildi.

Podpolkovnik O.YuSUPOV, Termiz garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi boshlig‘i