Uch viloyatning olis hududlarida vatanparvarlik festivallari oʻtkazildi

0
876

Markaziy harbiy okrugning Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlari markazlarida “Vatanparvarlik oyligi” koʻtarinki kayfiyat ila start olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Viloyat markazlaridan soʻng harbiy maʼmuriy sektorlari bilan tuzilgan yoʻl xaritasiga binoan Vatanparvarlik karvonlari viloyatlarning olis va togʻ oldi hududlarga tashrifi davomida aholi qalbida vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish, ona Vatanimizning tinchligi uchun dalhdorlik hissini oshirish maqsadida turli maʼnaviy-ma’rifiy tadbirlar hamda yoshlar oʻrtasida sport musobaqalari oʻtkazildi.

Jizzax garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari bu borada Sharof Rashidov tumanining togʻli hududida joylashgan “Rovot” MFYda DXX chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikda “Milliy armiyamiz — Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari esa Toyloq hamda Samarqand tumanlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi harbiy xizmatchilari Urgut tumani yoshlari bilan uchrashuvlar, turli sport musobaqalari hamda festivallar tashkil etdi.

Shu kunlarda Navoiy viloyatining eng chekka olis hududlarida ham vatanparvarlik shukuhi kezmoqda. Jumladan, Mudofaa vazirligiga qarashli barcha harbiy qismlar birlashib yirik karvonni tashkil etishdi va Navbahor, Xatirchi hamda Karmana tumanlarida harbiy vatanparvarlik festivallarini oʻtkazdi.

Festivallarda harbiy xizmatchilarining qoʻl jangi, faxriy qorovul koʻrgazmali namoyishi, shuningdek, harbiy orkestr jamoalarining kuy-qoʻshiqlari olis hududlarda taralayotgani yigʻilganlarga oʻzgacha ko‘tarinki ruh, bayramona kayfiyat ulashmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati