Ehtiyotkorlik – salomatlik garovi

0
550

Kuz-qish mavsumida havo harorati keskin pasayadi. Bu esa harbiy shaharchalarda, aholi turarjoy mavzelarida va ko‘p qavatli uylarda issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.
Ayniqsa, tabiiy gaz bilan isitiladigan inshoot va xonadonlarda ayrim fuqarolar bu issiqlik manbasidan huda-behuda foydalanib, o‘z sog‘liqlarini xavf ostiga qo‘yayotganini bilmaydilar. Xo‘sh, tabiiy va is gazining tarkibi haqida bilasizmi, bu salomatlik uchun qanchalik darajada zarar yetkazishini-chi?

Yonilg‘i mahsulotlari ichida boshqalariga nisbatan xavflirog‘i bu tabiiy gaz hisoblanadi. Undan foydalanganimizda, go‘yoki to‘liq yonayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Aslida u to‘liq yonmasligi natijasida is gazi ajralib, xona ichidagi kislorod miqdori kamayadi. Is gazi iste’molchilar foydalanayotgan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan birikmadir. U yuqori nafas yo‘llari va a’zolarga kuchli ta’sir qilib, butun organizmni, xususan, markaziy asab tizimini zararlaydi. Ayrimlar gaz plitasini yoqib, qarovsiz qoldiradi, isitish tizimlariga gazni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘lishi hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi mumkin. Natijada kishilar turli tan jarohatlari olib, hatto hayotdan ko‘z yumishgacha boradilar.

Qishning sovuq kunlarida xizmat va yashash xonadonlarini isitish maqsadida ayrim fuqarolar turli qo‘lbola, nostandart elektr qurilmalari yoki uskunalaridan foydalanadilar. Ayniqsa, qisqa vaqt ichida tegishli xonani isitish, arzon va tez topiladigan jihatlarini birinchi navbatda inobatga olib, qo‘lbola elektr spiral uskunasi (pechka)dan foydalanishga urinadilar, biroq ikkinchi tomoni, ya’ni uning davlat standartiga javob bermasligi, maxsus texnik hujjati yo‘qligi, ustki qismida maxsus himoya qoplamasi mavjud emasligi, elektr tokini ko‘p miqdorda sarflashi, tag qismi hamda elektr uzatish simlarining uskuna bilan ulash joylari ochiqligi aksariyat hollarda e’tiborsiz qoladi. Bu paytda yong‘in kelib chiqishi, moddiy va ma’naviy zarar keltirishi haqida o‘ylamaydilar.
Is gazidan zaharlanish jarayoni sodir bo‘lsa, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishda nimalarga e’tibor qaratish kerak? Bemorni zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Agar u yuzaki nafas olayotgan yoki nafas olishi to‘xtab qolgan bo‘lsa, sun’iy nafas olishi uchun shart-sharoit yaratiladi. Agar bemor hushida bo‘lsa, tanasining yuqori qismidagi kiyimlaridan bo‘shatiladi, issiq choy yoki qahva ichiriladi.

Is gazidan zaharlanishga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:

  • tabiiy gaz to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladigan is gazining salbiy ta’siri;
  • xonadonlar isitish tizimiga tabiiy gazni ulashda me’yoriy talablarga rioya etilmasligi;
  • tabiiy gazdan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligi;
  • isitish uchun mo‘ljallangan pechka hamda mo‘rilarning soz holatda emasligi, yaxshi tozalanmagani va boshqalar.

Xonada tabiiy gaz yig‘ilib qolsa, zudlik bilan quyidagilarni amalga oshirish zarur:

  • xona derazalarini ochib, shamollatish;
  • xonadagi elektr jihozlarini yoqmaslik, yoniq bo‘lsa o‘chirmaslik;
    gaz jo‘mraklarini berkitish;
  • gazni berkitishning iloji bo‘lmasa, yorilgan, singan va teshilgan joylar aniqlansa, gaz ta’minoti avariya xizmatiga xabar berish;
  • tabiiy va is gazlaridan zaharlanish bilan bog‘liq noxush vaziyatlar yuz bersa, zaharlangan kishiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • harbiy qism yoki muassasa bo‘yicha navbatchiga, xonadonda “103” telefon raqami orqali tez tibbiy yordam xizmatiga xabar berish;
  • “104” qisqa raqamlari orqali gaz ta’minoti idorasi navbatchi xodimiga qo‘ng‘iroq qilish;
    favqulodda vaziyatlar boshqarmasining avariya-qutqaruv xizmatiga murojaat qilishni yodda tutish muhim.

Shunday ekan, keng jamoatchilik, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish qoidalarini o‘z vaqtida tushuntirib, targ‘ibot ishlari olib borilsa, bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olishga erishgan bo‘lamiz.
Yuqoridagi qoidalarga rioya qilish orqali Siz yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olgan, davlat va shaxsiy mol-mulkingiz, yaqinlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz hamda farzandlaringiz xavfsizligini ta’minlagan bo‘lasiz.

Podpolkovnik Z. KENJAYEV,
Toshkent garnizoni yong‘in
nazorati inspeksiyasi boshlig‘i