“Parvozlar xavfsizligi”ga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi

0
1214

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligida “Parvozlar xavfsizligi” mavzusiga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Kun avvalida Yashnabod tumanidagi “Harbiy aviatorlar” yodgorligi poyiga galchambarlar qoʻyilib, xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan harbiy uchuvchilar xotirasi yod etildi.

Konferensiyada aytilganidek, milliy armiyamizni tezkor, ixcham va harakatchan qiyofaga keltirish boʻyicha tizimda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada qoʻshinlar boshqaruv tizimini takomillashtirish, qoʻshinlar boshqaruvida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish kabi masalalar ustuvor etib belgilandi va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilayotir.

Mudofaa vazirining oʻrinbosari – Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni general-mayor Axmad Burxanov soʻzga chiqib, parvozlar xavfsizligiga doir muhim masalalarga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, harbiy uchuvchilar mahorati, ularning xizmat vazifasiga boʻlgan masʼuliyati, yuqori qoʻmondonlik tomonidan yuklatilgan vazifalar ijrosining joylarda ado etilishi va harbiy aerodromlar holatiga haqida ma’lumot berdi.

– Vatanimiz havo sarhadlarini himoya qilishda harbiy avitsiya asosiy vazifani bajaradi, – deydi podpolkovnik Ibrohim Usmonov. – Uchish apparatlarining havodagi gʻalabasi bevosita yerusti taʼminot vositalarining faoliyati bilan uzviy bogʻliq. Harbiy aviatsiyada parvozlar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, uchish apparatlari jangovar vazifasini mukammal bajarishida aloqa, radiotexnik taʼminot, radiolokatsiya va radionavigatsiya vositalarining roli beqiyos. Bugun milliy armiyamiz havo aviatsiyasi jahon talablariga mos keladigan ana shunday zamonaviy vositalar bilan jihozlangan. Albatta, bu yuqori qoʻmondonlik tomonidan zimmamizga yuklatilgan vazifalarni bajarishimizda, parvozlarni yuqori sifat bilan xavfsiz taʼminlashimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti