Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muzeylarning oʻrni

0
1107

Muzeylar davlatning tarixiy va madaniy boyligining bir qismidir. Millatimiz merosini kelajak avlodlarga oʻtishini taʼminlash muqaddas burch. Madaniy meroslarni asrab-avaylash, millatning tarixiy boyligini dunyoga koʻrsatish mamlakatning xalqaro maydonlarda obroʻ-nufuzini yuksaltiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan davlat muzeyi direktorlari, turistik firma xodimlari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi vakillari ishtirokida “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muzeylarning oʻrni va roli” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Mazkur davra suhbati yoshlarni davlatchilik tarixiga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, harbiy tarix va tarixiy shaxslar, sarkardalarimiz koʻrsatgan jasorati haqida qiziqarli maʼlumot olishlarida targʻibot-tashviqot ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etildi. Ushbu tadbirda davlat muzeyi direktorlari, turistik firmalar xodimlari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, jangchi-faxriylar “Veteran” birlashmasi, harbiy xizmatchilar, yoshlar ishlari agentligi, Mudofa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy vatanparvarlik harakati Toshkent shahar boʻlimi ishtirok etdi.

Dastlab davra suhbatining ochilish marosimida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi hududida qad koʻtargan “Vatanga qasamyod” haykali poyiga davlat muzeyi rahbarlari tomonidan gulchambarlar qoʻyildi. Shundan soʻng ishtirokchilarga muzeyda oʻrin olgan “Qadimgi davr va ilk oʻrta asrlar” Oʻrta Osiyo hududida insoniyat ibtidosida katta kashfiyot boʻlgan oʻq-yoylarning, ov qurollarining eksponatlariga ekskursiyalar uyushtirildi.

Tadbir ishtirokchilari eksponatlar bilan tanishar ekanlar, oʻtmishga hayolan sayohat qilib, qadim zamonlarda yashab oʻtgan insonlar, ularning turmush tarzi, mudofaa va qurolsozlikning rivojlanishi, oʻzlari yashab turgan hududlarni himoyalashda foydalanilgan harbiy anjomlar va qurol-yarogʻlar haqida maʼlumotga ega boʻldilar.

Kunning ikkinchi yarmida muzey direktorlari Qurolli Kuchlar akademiyasiga ekskursiya uyushtirdi. Dastlab qatnashuvchilar akademiyaning muzeyidan joy olgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan keyin tadbir akademiya majlislar zalida davom ettirildi. Unda muzey direktorlari maʼruzalari bilan ishtirok etib, oʻzlarining muzeylari xaqida batafsil malumot berib, muzeylar toplamlaridagi boy tarixiy va madaniy meroslarni keng targʻib qilishdagi ishlarni yuqori saviyada tashkillashtirish boʻyicha istiqbolli rejalari bilan tanishtirib oʻtishdi.

Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining vatanparvarlik ruxidagi kuy-qoʻshiqlari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashish bilan bir qatorda, davra suhbatiga ham yakun yasab berdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti