Davlat boshqaruvi organi rahbarlari uchun tashkil etilgan maxsus yig‘in yakunlandi

0
1389

Bugun, 18-noyabr kuni poytaxtimizda joylashgan “G‘alaba bog‘i”da Chirchiq poligonida hafta mobaynida davlat boshqaruv organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yigʻinning so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

To‘rt kun davomida Mudofaa vazirligiga qarashli Chirchiq umumqoʻshin poligonida davlat boshqaruv va mahalliy davlat hokimyati organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yigʻin o‘tkazildi. Unda vazirlar, raislar, agentlik va inspeksiya boshliqlari, bosh direktorlar haqiqiy harbiy xizmat muhitida mashg‘ulot o‘tadilar. Ishtirokchilar faqat harbiy mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmadilar.

Mazkur yigʻin davomida davlat boshqaruv organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼlumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-maʼmuriy sektorlarning faoliyati va roli bilan tanishdi. Shuningdek, yigʻin ishtirokchilari aloqa, taktik-tibbiy, harbiy sport hamda otish tayyorgarliklaridan oʻtib, oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamladi. Shu bilan birga, operativ, safarbarlik, axloqiy-ruhiy, taktik tayyorgarliklardan oʻtish orqali zamonaviy armiyamizda olib borilayotgan islohotlardan atroflicha boxabar boʻlib bordi. Ular orasida turli sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalar tashkil qilindi.

Yig‘inning so‘nggi kunida ishtirokchilar Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari Qodir Tursunov ishtirokida “G‘alaba bog‘i”da tantanali taqdirlash marosimi bo‘tdi. Unda barcha ishtirokchilar mudofaa vazirining tashakkurnomasi va faol ishtirok etgan ishtirokchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti