Harbiy gospitalda Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi

0
1565

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida Tibbiyot xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Akmal Ortiqov mudofaa vazirining Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar salomatlik posbonlarini samimiy qutlab, mamlakatimizda aholi sogʻligʻini saqlash, shifo maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqimizga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini berayotganini taʼkidladi. Jumladan, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida ultrazamonaviy davolash-diagnostika korpusi ishga tushirilib, 189 nomdagi yuqori texnologik tibbiy apparatlar bilan jihozlangani qayd etildi. Vazirlik tibbiyot xodimlarining 20 nafaridan ortigʻi keyingi yillarda davlat mukofotlari, 5 nafari “Malakali ustoz” koʻkrak nishoni, 15 nafardan ortigʻi navbatdagi “polkovnik” harbiy unvoni bilan taqdirlangani eʼtirof etildi.

– Hozirgi kunda Mudofaa vazirligi harbiy tibbiyot muassasalarida tibbiyot fanlari doktorlari va nomzodlari hamda yuzdan ortiq oliy toifali shifokorlar faoliyat olib bormoqda, – deydi tibbiy xizmat polkovnigi Abdugʻani Yoʻldoshev. – Harbiy tibbiyot sohasini rivojlantirish, Vatan himoyachilariga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida ayni vaqtda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi va ambulator-poliklinika markazi uchun yangi binolar qurilmoqda. Nukus harbiy gospitalida zamonaviy tibbiy apparatlar bilan jihozlangan yangi davolash-diagnostika binosi foydalanishga topshirilgan boʻlsa, Termiz va Fargʻona harbiy gospitallarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida bir vaqtning oʻzida bir nechta murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish imkoniyati yaratildi. Joriy yil avgust oyidan beri 400 dan ortiq koronagrafiya, stentlash, endoprotez qoʻyish, endourologik, neyroxirurgik, ginekologik va boshqa yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilgani Fikrimiz dalilidir. Eʼtiborlisi, ushbu gospital tarixida ilk bor buyrakni koʻchirib oʻtkazish hamda ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi. Xalqaro hamkorlik doirasida gospitalga tashrif buyurgan turkiyalik, janubiy koreyalik, rossiyalik, hindistonlik va germaniyalik tibbiy mutaxassislar tomonidan harbiy shifokorlarimizning koʻnikma va tajribasi yuqori baholangani tahsinga sazovor.

Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida respublikamiz miqyosida keng nishonlab kelinmoqlda. Tadbirda tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli himoya qilish yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan, oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh soha fidoyilari Mudofaa vazirligining “Namunali xizmati uchun”, “Malakali ustoz”, Sogʻliqni saqlash vazirligining “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishonlari va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda harbiy orkestr hamda Chirchiq garnizoni maʼnaviyat va maʼrifat markazining xushovoz xonandalari ijrosidagi konsert dasturi barchaga bayramona, xush kayfiyat bagʻishladi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti