Mudofaa vazirining o‘rinbosari tomonidan murojaatlar atroflicha oʻrganildi

0
1173

Mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev tegishli bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari bilan birgalikda o‘tgazgan navbatdagi qabulida har bir fuqaroning murojaatini atroflicha oʻrganib chiqib, shu joyning oʻzida amaliy yordam koʻrsatgani koʻplab chigalliklarning yechilishiga, savollarga javob topilishiga sabab boʻldi.

Mudofaa vazirligi qabulxonasidan fuqarolar yuzi yorishib, ayrim onalar quvonch koʻz yoshlarini artib chiqib ketayoganiga guvoh boʻldik. Albatta, ularning muammolari, murojaatlari ham turli-tuman. Biri ijtimoiy himoya, boshqasi tibbiyot yoki uy-joy bilan taʼminlanish borasida, harbiy xizmatga qayta tiklash masalasida murojaat qilganlar ham yetarlicha topildi. Xizmat joyini tugʻilgan hududiga yaqinroq joyga oʻzgartirish ilinjidagilar ham uchradi.

—Ikki nafar farzandimiz ofitser. Ayni vaqtda katta oʻgʻlim Qarshi shahrida, kichigi Termiz shahrida xizmat qilyapti, — deydi Qurolli Kuchlar faxriysi Bahodir Ahrorov. —Ular bilan faxrlanaman. Har doim duoi jonini qilamiz. Farzandlarim uzoqda boʻlgani uchun turmush oʻrtogʻim bilan birga yashaymiz. Shu kunlarda turmush oʻrtogʻimni sogʻligʻi koʻp bezovta qilyapti. Uy ishlarini qilishga qiynalmoqda. Shuning uchun farzandlarimizdan birini yonimizga olib kelish boʻyicha mudofaa vazirining oʻrinbosariga murojaat qildim. Vaziyatni tushuntirgandim yordam berishga tayyormiz deyishdi. Juda xursandman. Bu xabarni eshitgan turmush oʻrtogʻimning ham boshi koʻkka yetadi.

—Oʻgʻlim bu yil Oʻzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgandi, — deydi Masayxon Nasriddinova. —Lekin afsuski, oʻqishga kirolmadi, biroz bali yetmadi. Sayyor qabulga oʻgʻlimning shu yili mazkur institutda oʻqishining imkoni bormi, degan savolga javob topish maqsadida kelgandim. Bu boʻyicha mutaxassislardan batafsil tushuncha berishdi.

Bugun juda koʻplab yurtdoshlarimiz xursandchilik bilan oila davrasiga qaytib, yangi rejalar ustida bosh qotirayotgani rost. Muhimi, bularning barchasi harbiy xizmatchilarning oilaviy xotirjamligiga, shu orqali Vatanimiz sarhadlarining ishonchli himoyasiga xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti