Harbiy xizmatchilar havo hujumidan mudofaa vositalari boʻyicha bilimini oshirdi

0
916

Xalqimizda “Bilimsiz kishiga ish yoʻq, ilmsiz kishiga osh yoʻq” degan naql bejizga aytilmagan. Yoshi ulugʻlar bu hikmatni yoshlarga bot-bot takrorlaydi. Chunki ilm baxt keltiradi. Oʻqigan inson bu merosni yosh avlodga ziyo qilib sochadi. Ilmni ulashgan shaxs tarix zarvaraqlarida yashaydi.

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti quruqlikdagi qoʻshinlarning havo hujumidan mudofaa kafedrasi va Sharqiy harbiy okrug harbiy qism harbiy xizmatchilari hamkorligida oʻquv-uslubiy yigʻini boʻlib oʻtdi.

Bunda harbiylar “Koʻchma zenit raketa komplekslarning jangovar imkoniyatlari va jangovar uchirishlarni trenajyorlarda oʻrganish” boʻyicha bilim va malakasini oshirdi.
Tadbirda mutaxassis ofitserlar va kursantlar mavzu yuzasidan tayyorlagan maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Ushbu oʻquv-uslubiy yigʻin quyidagi mezonlar asosida ishlab chiqilgan:
• harbiy xizmatchilarga koʻchma zenit raketa komplekslarining umumiy tuzilishini oʻrgatish va bilim saviyasini oshirish;
• koʻchma zenit raketa komplekslarini ishlatishda texnik va yongʻinga qarshi xavfsizlik talablari hamda qoidalarini oʻrgatish;
• harbiy xizmatchilarga zamonaviy trenajyorlar yordamida koʻchma zenit raketa komplekslarning jangovar imkoniyatlarini oʻrgatish va amalda koʻrsatib berish, koʻnikmalarni oshirish;
• trenajyorlar yordamida harbiylarga jangovar uchirishlarni oʻrgatish va amalda bajartirish.
Harbiy bilim va malaka Vatanni himoya qilishda asqotib, oʻrganilgan ilm insonga bir umr hamroh boʻladi.

Azim AXTAMOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti