Dog shou: asl zotli itlar ko‘rgazmasi va musobaqasi o‘tkazildi

0
1028

Mudofaa vazirligi Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida O‘zbekiston kinologiya klublari uyushmasi bilan hamkorlikda “Oltin it” hamda “Klub kubogi. Kuz – 2021” asl zotli itlar ko‘rgazmasi va musobaqasi o‘tkazildi.
Tabiatning jonzotlari ichida it insonning sodiq do‘sti sanaladi. Bu jonivorning Qurolli Kuchlar tizimida ham alohida o‘ringa ega, desam hayron bo‘lmang. Bugungi kunda har bitta kuch tuzilmalarida kinologiya xizmatidan samarali foydalanilayotgani sir emas. “Oltin it” hamda “Klub kubogi. Kuz – 2021” asl zotli itlar ko‘rgazma-musobaqasida ham Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Bojxona qo‘mitasi kinologiya xizmati mutaxassislari xizmat itlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, fuqarolar ham uyida parvarishlanayotgan zotdor itlarining imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Xizmat itlarining toza nasldorligini saqlash, zotning talabiga nechog‘lik javob berishini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan o‘ziga xos bellashuvga xalqaro toifadagi ekspert va mutaxassislar hakamlik qildi. Ular belgilangan mezonlar asosida xizmat itlarining jangovar tayyorgarligi va mahoratini xolisona baholab bordi.

– Xizmat itlari qo‘riqlash, qidiruv-qutqaruv, qurol-yarog‘ va iz qidiruv, portlovchi moddalarni topish, antiterror, himoya-qorovul turlari bilan farqlanadi, – deydi Mudofaa vazirligi Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazi boshlig‘i mayor Shodiyor Shomurodov. – Kurashda itning kattaligi, vajohati emas, balki undagi kurashuvchanlik ko‘proq ahamiyatga ega. Markazimizda itlarni zamonaviy talab va me’yorlar asosida parvarishlash, xususan, ovqat tayyorlash, kuchuk bolalarini cho‘miltirish va mashg‘ulotlarda chiniqtirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Shu bois Xalqaro armiya o‘yinlarining “Sodiq do‘st” hamda “Dog biatloni” musobaqalarida rekord natijalarni qayd etib, yetakchilikni qo‘ldan boy bermayapmiz.

Kunning ikkinchi yarmida qizg‘in bellashuv chinakam shouga aylandi. Har bir kuch tuzilmasi tomonidan xizmat itlari ishtirokida ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Dekorativ yo‘nalishda qatnashgan itlar tadbir ishtirokchilarining hayratiga sabab bo‘ldi. Haqiqatan ham, egasining buyrug‘ini bekamu ko‘st bajargan, dunyoning turli nuqtalarida shuhrat qozongan zotdor itlarni ko‘rib, havas va hayratingiz oshadi. Taassurotlarga boy, qiziqarli musobaqa va shouning eng yorqin lahzalarini tasvirlarga muhrladik.

Tadbir so‘ngida musobaqaning yosh toifasiga ko‘ra, eng yaxshi ishtirokchilariga hamkor tashkilotlarning sertifikat hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyadar departamenti