Ona tili – millatning ruhi

0
653

Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarning birida “Ona tilim – yagona tilim” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar millatning ruhi boʻlgan ona tilining rivojlanishi – millatning yuksalishi ekanligi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilganligi, shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylanganini taʼkidlab oʻtishdi.

Bundan 32 yil muqaddam oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan edi. Bu oʻz davrida tom maʼnoda olamshumul voqea boʻldi. Chunki Beruniy, ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yoʻqolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq oʻzbek tiliga Davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qoʻyilib, bu ish amalga oshirildi. Ona tilimiz – oʻzbek tiliga 1989-yil 21-oktabrda Davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi.

Shuni taʼkidlash kerakki, oʻzbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlgan.

Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati