Harbiy institut kursantlari Vatanga qasamyod qilishdi

0
1218

Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida bir guruh kursantlar Vatan oldidagi muqaddas burchlariga sodiq bo‘lishga tantanali qasamyod qilishdi.

Tantanali marosimda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, keksa-faxriylar, ustoz-murabbiylar, muassasa shaxsiy tarkibi hamda ota-onalar ishtirok etishdi.

Ma’lumki, ushbu dargohda bo‘lajak ofitserlar yuqori ma’naviy-axloqiy, psixologik va yetakchilik sifatlarini, vatanparvarlik hamda o‘z vatanidan va Qurolli Kuchlaridan faxrlanish, O‘zbekiston mustaqilligi g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, keng dunyoqarash va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishadi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar bugun katta hayotga qadam qo‘yayotgan kursantlarning shijoati, kuch va g‘ayrati tobora oshib borayotgani, o‘z sohasida haqiqiy professional kadrlar yetishib chiqayotgani, mamlakatimiz taqdiri ishonchli qo‘llarda ekanini ta’kidlab o‘tishdi.

Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarishga ahd qilgan o‘g‘lonlarimiz buyuk ajdodlarimiz an’analariga sodiq qolib, bunyodkor xalqimiz, ozod va obod Vatanimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishga qasamyod qilishdi.

Leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti