Otish tayyorgarligiga innovatsion yondashuv

0
7995

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasining oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida “Oliy harbiy taʼlim muassasalarida otish tayyorgarligi fanini oʻqitishga innovatsion yondashuv: talab va takliflar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Qoʻshinlar jangovar shayligini taʼminlashdagi muhim jihatlardan biri boʻlgan otish tayyorgarligi boʻyicha tashkillashtirilgan mazkur anjumanda IIV akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti hamda harbiy qismlardan taklif etilgan soha mutaxassislari va ofitserlar ishtirok etdi.

Anjumanda Qurolli Kuchlar akademiyasining Qurollanish va otish kafedrasi mutaxassislari tomonidan oʻquv dasturlari asosida tayyorlangan maʼruzalar tinglandi. Kafedrada boʻlgʻusi ofitserlarga otish sirlaridan saboq berib kelayotgan podpolkovniklar – Dilshod Alangov, Bunyodbek Shermatov, Ilhom Xolov, Rasulbek Rajabov, Ruslan Radjapov kabi tajribali ustozlarning yigʻilganlar eʼtiboriga mavzuga oid ilmiy qarashlari havola etildi. “Taktik oʻq otish mashqini qoʻllash boʻyicha xorijiy mamlakatlar armiyalarining tajribalari”, “Taktik oʻq otish mashqining mohiyati, turlari va ularni yakka hamda hisob tarkibida qoʻllash xususiyatlari”, “Snayping” musobaqasini xorijiy mamlakatlar armiyalarida jangovar bellashuv sifatida qoʻllanilishi», “Snayping” musobaqasining mohiyati, turlari va boʻlinmalarda qoʻllash xususiyatlari» mavzusidagi maʼruzalar yuzasidan bahs-munozaralar oʻtkazilib, har bir yoʻnalish boʻyicha tegishli takliflar bildirildi. Jumladan, “Snayping” musobaqasini tashkillashtirishda kunduzgi va tungi, hududiy va ob-havo sharoitlarning eʼtiborga olinishi harbiy xizmatchilarning otish koʻnikmalarini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shundan soʻng anjuman qatnashchilari oʻq otish oʻquv nuqtalarida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari ishtirokidagi amaliy mashqlarni kuzatishdi. Unda kursantlar oʻrmon, botqoqlik, shahar, dala sharoitlari uchun moslangan nuqtalarda jangovar topshiriqlarni bajarish harakatlarini amalga oshirishdi. Shuningdek, Rustam Axunov, Zarif Maxmadiyev hamda Rashit Axmadaliyev kabi ustozlari koʻrsatmalari ostida avtomat, snayper miltiqlari va “Makarov” toʻpponchasidan turli nishonlarga qarata otish mashqini bajarishdi.

Asror Roʻziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti